1

Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish – mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlaydi

Giyohvandlik va narkojinoyatlar qarshi kurash bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biridir. O‘zbekiston rahbariyati ushbu sohada samarali va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsad qilib, giyohvandlik va narkojinoyatlarni oldini olish yuzasidan 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan maxsus milliy dasturni ishlab chiqdi. 

Giyohvandlikning oldini olishda ma’rifiy faoliyatini samarali tashkil qilish muhim hisoblanadi. Bunda ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faol hamkorligi dolzarb hisoblanadi. 

Profilaktika tadbirlarida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish alohida ahamiyatga ega. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida giyohvandlikka qarshi maxsus o‘quv dasturlari joriy etish, o‘qituvchilar va tarbiyachilarni mazkur sohada tayyorlash masalalari muhim sanaladi. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari orqali aholiga giyohvandlikning zararlari haqida ma’lumot berish, ijtimoiy tarmoqlarda profilaktika yo‘nalishida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muammoni bartaraf etishning tajribadan o‘tgan, samarali usullaridan hisoblanadi. 

Tahlillar shundan dalolat beradiki, giyohvandlikka moyillik ko‘proq axborot va ta’lim yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Shuning uchun ota-onalar va oila a’zolarini mazkur yo‘nalishda xabardor qilish uchun maxsus treninglar va seminarlar tashkil etish muhim. Bunday tadbirlar oilaviy muhitda giyohvandlikka qarshi immunitet shakllantirishga ko‘maklashadi. 

Huquqiy ta’sir choralari faqat jazo emas, balki profilaktikaga qaratilsa, giyohvandlikka qarshi kurashda samaradorlik sezilarli darajada oshadi. Shu bois, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirish ham muhim hisoblanadi. 

So‘nggi yillarda giyohvandlik vositalari savdosi hajmi global darajada keskin o‘sib, xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi noqonuniy narkobiznes aylanmasi yiliga 320 milliard dollardan oshib ketgan. Bundan tashqari, Osiyo mintaqasida afyun moddalarini ishlab chiqarish hajmi oxirgi 5 yilda 30 foizga o‘sgan. Shunga ko‘ra, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik va tajriba almashish katta ahamiyatga ega. 

BMT doirasida giyohvandlikka qarshi kurashish va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha maxsus tuzilma mavjud bo‘lib, u Giyohvandlik va Jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC) deb nomlanadi. Ushbu boshqarma 1997-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: 

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish: UNODC dunyo miqyosida giyohvand moddalarning ishlab chiqarilishi, tarqatilishi va iste’molini nazorat qilishga qaratilgan dasturlar va loyihalarni amalga oshiradi. 

Jinoyatchilikka qarshi kurashish: Boshqarma transmilliy uyushgan jinoyatchilik, inson savdosi, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurashda davlatlarga huquqiy va texnik yordam ko‘rsatadi. 

Inson huquqlarini himoya qilish: UNODC inson huquqlarini ta’minlashda giyohvandlikka qarshi kurashishning ahamiyatini ta’kidlaydi va bu sohada davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rag‘batlantiradi. 

2022-yil 12-aprelda BMT Bosh Assambleyasi “Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda global hamkorlikni mustahkamlash” to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. Ushbu hujjatlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va giyohvandlikka qarshi kurashda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan loyihalar va tadbirlar bu boradagi samaradorlikni oshirishi shubhasiz. 2023-yil 15-mart sanasida BMTning Narkotik moddalar bo‘yicha komissiyasi 66-sessiyasida giyohvandlikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilindi.

Turli jinoiy to‘dalar giyohvand moddalarning noqonuniy tranzitida Markaziy Osiyoni strategik nuqta sifatida ko‘rishlari mazkur illatning mintaqaviy tahdidini ifoda etadi. Joriy tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston orqali o‘tadigan giyohvand moddalarning 70 foizi Afg‘onistondan kelib chiqadi. Shu sababli, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, chegara xavfsizligini ta’minlash va razvedka ma’lumotlari almashish tizimlarini takomillashtirish dolzarb hisoblanadi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z faoliyati davomida UNODCNING Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili bilan hamkorlik qilib keladi. 2021-yil 14-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston hukumati tomonidan UNODCNING Giyohvand moddalar bo‘yicha komissiyasining 64-sessiyasi doirasida “Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik” mavzusida tadbir o‘tkazildi. UNODC O‘zbekistonga giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun texnik yordam, jumladan, uskunalar taqdim etdi. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik olib borayotganini ko‘rsatadi. 

Giyohvand vositalari savdosi va aylanmasini oldini olishda 2024-yil 4-iyunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etishda yagona front bo‘lib hamkorlik qilishga tayyorligi” to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilingani mazkur yo‘nalishdagi ishlarni, qarshi ta’sir chora-tadbirlari samaradorligini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etdi. 

Shuning uchun keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari giyohvandlikka qarshi kurashda samarali hamkorlikni kuchaytirish maqsadida qator qadamlarni amalga oshirmoqda. Misol uchun, “Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot almashish platformasi” orqali davlatlar o‘rtasida operativ ma’lumotlar almashish yo‘lga qo‘yilgan. Bu mintaqa bo‘ylab giyohvand moddalar aylanmasini oldindan ko‘ra olishni va ularga qarshi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishni yengillashtiradi. 

Shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida chegara xavfsizligini mustahkamlash uchun qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, chegaralarda zamonaviy nazorat texnologiyalarini joriy etish va xavfli yuklarni tezkor tekshiruvdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. 

Mintaqaviy darajada reabilitatsiya markazlari tashkil etish ham muhim masala hisoblanadi. Bunday markazlar giyohvand moddalarga moyil shaxslarga malakali yordam ko‘rsatish va ularni jamiyatga qaytarishga ko‘maklashadi. Markaziy Osiyoda ushbu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bir necha pilot loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, giyohvandlikka qarshi kurashda axborot va ta’lim dasturlarini mintaqaviy darajada muvofiqlashtirish orqali yoshlarni muhofaza qilish choralari kuchaytirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoni giyohvandlikka qarshi kurashning xalqaro miqyosdagi muhim hududiga aylantirishga yordam beradi. 

2024-2025-yillarga mo‘ljallangan milliy dastur O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Ushbu dasturning izchil va tizimli amalga oshirilishi nafaqat giyohvandlikning oldini olishga, balki jamiyat taraqqiyoti va fuqarolar farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu borada har bir fuqaro, tashkilot va davlat organlari birgalikda harakat qilishlari lozim. 

Mazkur dastur nafaqat giyohvandlik va narkojinoyatlarni unish balki fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, zamonaviy ta’lim va ishlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va kelajak avlodlarning sog‘lom muhitda voyaga yetishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. 

 Saidafzal Saidjalolov,

 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,

 tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh qoldirish