
Tariximsan, taqdirimsan, ona tilim
Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona tilimiz hanuzgacha o‘zining ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. O‘zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek, yoshligimizdanoq jon-u qulog‘imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib borgan, o‘z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg‘otgan.
O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z ona tilisini sevadi, uni hurmat qiladi va e’zozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotgani, rivojlanayotganini yoki aksincha holat ekanini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejiz “Til – millat ko‘zgusi”, deyishmaydi.
1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili davlatimizning bayrog‘i gerbi, madhiyasi kabi qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzlari qatori e’zoz va ehtiromga sazovor bo‘ldi.
Milliy tilimizga, ona tilimizga bo‘lgan e’tibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o‘rinda Mahmudxo‘ja Behbudiyning quyidagi purma’no fikrlarni eslaylik: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur”.
E’tibor beryapsizmi, milliy tilni yo‘qotmak millat tilini yo‘qotmakka qiyoslanmoqda. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi so‘zlarning zalvori ikki hissa ortadi.
Til – millat ko‘zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Prezidentimiz bejizga ona tilimizni: “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir” deya e’tirof qilmagan. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘lishi muqarrar. O‘zbek tiliga va uning rivojiga benihoya katta hissa qo‘shgan “g‘azal mulkining sultoni” Mir Alisher Navoiyning ona tilimizga bo‘lgan chuqur hurmat-ehtiromini quyidagicha qayd qilib o‘tadi:
Sen bo‘lmasang, nima bizga silliq she’rlar,
Bu dunyoda tili yo‘qda dil yo‘q derlar.
Bahoying-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to‘ridagi so‘lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Muhammad Yusufning quyida yozgan she’rini o‘qib, beixtiyor o‘yga toladi kishi:
Onam “erkam” deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo‘q deb zirqirardi bir joylarim.
Parovozni hansiratgan bug‘doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shukrki, o‘zbek tilining shon-shuhrati, obro‘si borgan sari yildan yilga oshib bormoqda. Sport, fan, madaniyat va san’at sohasida O‘zbekiston yoshlarining sa’y-harakatlari beqiyosdir. Yurt kelajagi bo‘lgan biz yosh avlod o‘z harakatlarimiz bilan o‘zbek tilini butun dunyo tan olishi, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shishimiz lozim.
Feruza Nizamova,
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
Izoh qoldirish