479

Ezgulik va baxtga oshyon vatan

Munosabat

Ona Vatanimiz istiqlolining shonli 30 yilligini katta tantana bilan nishonladik. “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu da’vat, ulug‘ maqsadga yo‘g‘rilganshodiyonalar barchamizning qalbimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni bayram tadbirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Vatanimiz mustaqilligi — biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbai, taraqqiyot va farovonlik asosi” mavzusidagi nutqi yurtimizdagi yangilanish va yuksalishlarga muxtasar baho bo‘lib yangradi.

Binobarin, mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalaridagi o‘zgarishlar xalqimiz hayotidagi farovonlik va tinchlik-totuvlikda namoyon bo‘layotgan bo‘lsa, ilmiy-madaniy, diniy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiya sohalardagi tub islohotlar samarasi farzandlarimizning ilm-fan, kasb-hunar, sport va madaniyat jabhalaridagi muvaffaqiyatida o‘z isbotini topayotgani haqiqat. 

Albatta,mustaqildavlatimizbosib o‘tgan o‘ziga xos murakkab va sinovlarga boy davrko‘hna tarix charxpalagida ko‘z ochib yumgunchalik fursatga tenglanishi mumkin. Ammo, istiqlolga erishish, uni saqlab qolish va mustahkamlash yo‘lida bedor orttirilgan har bir soniya, oy va yillar, agar ta’bir joiz bo‘lsa, ona Vatanimizda yashayotgan millionlab insonlar taqdiridagi evrilish, hayotidagi yuksalish, farovonlik hamda yosh avlod kelajagining yorug‘ istiqbolida asrlarga tatigulik bo‘lishi muqarrar. 

Shu o‘rinda Yurtboshimizning “Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.

Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi”, degan fikrlarida juda katta yuk, donishmandlik hikmati mujassam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Darhaqiqat, inson ilm-ma’rifat, ma’naviyat orqaligina olamni anglaydi, o‘zligini taniydi. Nafaqat o‘z taqdiri balki, jamiyat ertasiga o‘zini daxldor bilib yashash esa, insonni dunyo tamadduniga hissa bo‘lib qo‘shilajak ilg‘or tashabbus va g‘oyalarga undasa, ne tong. Bunga“Ilm Chin (Xitoy)da bo‘lsa ham izlab, topib egallangiz”, degan muborak hadisi sharifga butun hayoti davomida rioya qilib, ilm-fanning barcha sohalarida dovrug‘ qozongan mutafakkir bobolarimizning “Sharq uyg‘onish davri”ga tamal toshini qo‘yganlari yorqin dalil.bugungi kunda ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi ne-ne buyuk mutafakkir bobolarimiz yaratgan boy ilmiy-ma’naviy meros jahon sivilizatsiyalari bebaho xazinasisifatida hamon tadqiq etib kelinayotgani esa qalbimizda faxr, zimmamizga mas’uliyat yuklaydi. Chunki ulug‘ ajdodlari nomi va sharafiga munosib bo‘lmoq yosh avlodning azaliy burchidir.

...Mana, shu kunlarda yurtimizning barcha ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. “Bilimlar kuni” shodiyonalarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, yoshlarimiz ilm-ma’rifat, ma’naviyat, ezgulik, bunyodkorlik, mehr-oqibat kabi yorug‘ tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan darslarga kirishdi. 

E’tiborlisi, yangi o‘quv mavsumida respublikamiz olis-yaqin shahar va qishloqlarida butunlay yangidan bunyod etilgan zamonaviy ta’lim muassasalari ilm-ma’rifatga tashna necha-necha yoshlarga yorug‘ va shinam darsxonalari eshigini ochdi. Bunda ayniqsa, maktab ostonasini hayajon bilan ilk bor hatlagan qariyb 600 ming nafar1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi” — barcha darslik va o‘quv qurollarini jamlagan maktab sumkalari topshirilgani ahamiyatlidir. Zero, bugun olamga hayrat ila boqayotgan bolajonlarga hadya etilgan kitob-daftarlar qatida ilm va ma’rifatga rag‘bat – EZGULIK va BAXT tilaklari mujassam ekani haqiqat!

Uzluksiz ta’lim tizimining o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy hamda ilmiy tadqiqot bo‘g‘inlaridagi islohotlar ko‘lami va samaradorligi ham alohida e’tiborga molik. Prezidentimiz nutqlarida ta’kidlanganidek, o‘tgan o‘quv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yoшларни talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish tizimli tashkil etilmoqda. Ayniqsa, zamon talabi asosida oliy ta’lim sohasida jadal islohotlar amalga oshirilayotgani e’tirofga loyiq. Bunda yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ular soni qisqa davr ichida 141 taga yetkazildi. Bu bilan ilm-fanga qiziquvchi yoshlarni talabalikka qabul qilish kvotasi 3 barobarga oshirilgani ortida ularning ilm-fan, ma’rifat, ma’naviyat cho‘qqilarini egallashlariga kengroq imkoniyatlar yaratilgani yaqin yillarda o‘z samarasini berajagiga ishonamiz. Ya’ni, prezidentimiz o‘z nutqlarida alohida ta’kidlaganlaridek, “Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga e’tibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda”.

Bu o‘rinda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, avvalambor, yoshlar alohida qo‘llab-quvvatlanayotgani yurtimizda barcha birdek mehr-e’tibor og‘ushida ekanini anglatadi. Buni quyidagi raqamlarda ham ko‘rish mumkin: “...joriy yilda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun – 3 ming 155 ta, “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun – 1 ming 580 ta, kam ta’minlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun – 2 mingta qo‘shimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratildi”.

Asrlar qarida xalqimiz qalbi, ongu shuurining tub-tubidan bo‘lib kelgan “Uchinchi renessans” — Milliy uyg‘onishdavriga tamal toshini qo‘yishdek ulug‘vor g‘oya bejiz bugun tilimizga ko‘chgani yo‘q. Ushbu azaliy orzu-maqsadning ro‘yobi uchun yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yanada shiddatli va ilg‘or davrida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. 

Bugun dunyoning olis-yaqin hududlarida bo‘layotgan turli mojoralar, ayrim g‘arazli kuchlarning faqat o‘z manfaati ortidan ne-ne ellar beayov urush domiga tortilgan davrda yurtimizdagi tinchlik, farovonlik, bunyodkorlik va farzandlarimiz iqboliga beixtiyor shukrona aytasan kishi. Binobarin, dunyoning ba’zi nuqtalarida sodir bo‘layotgan “yangiliklar”dan boxabar bo‘larkansiz, o‘sha yurt bolalarining xotirjam o‘z oilasi xonadoni, maktab, oliy o‘quv yurtining ilm-ma’rifat, ziyoga yo‘g‘rilgan yorug‘ darsxonalarini orzu qilishi tugul, hatto birgina ertak kitob mutoala qilib, uning mo‘jizaviy olamida soniyalar ichra“sayohat” qilishiga ham fursat topolmayotgani ongu shuuringiz, qalbingizni jarohatlaydi.Afsuslanarlisi, ana shu urush o‘choqlarini alanga oldirishda ayrim g‘arzli kuchlarning dindan qurol sifatida foydalanayotgani sog‘lom tafakkurli har bir kishini sergak tortiradi.

Ma’lumki, Qur’oni Karim oyatlarining ilk so‘zi “Iqro” (o‘qi)  buyrug‘i bilan nozil bo‘lgan. Shuning o‘zi muqaddas dinimizda ham ilmga qanchalik e’tibor qaratilganiga dalolat. Agar hisoblansa, “Ilm” so‘zi Qur’oni karim oyatlarining sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolari bilan keltirilgan ekan. Chunki dinimiz ilm-ma’rifat dini bo‘lib, unda jaholat va ilmsizlik hamisha qoralangan. 

Dunyoning obodligi, bardavomligi va baxt-saodati, albatta, ilm va ma’rifat bilan chambarchas bog‘liq.Hazrati Ali roziyallohu anhu “Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qo‘riqlashga majbursan, ilm hokim, mol mahkumdir, sarflash, nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilmni tarqatganing sayin ko‘payib boradi”, deganlar.

Ma’lumki, 2021 yil yurtimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deya nomlandi. Mazkur ramziy ma’nodagi yil nomiga mos ravishda mamlakatimizda qabul qilingan Davlat dasturining mazmun-mohiyatiga chuqur ahamiyat qaratilsa, har qanday iqtisodiy rivojlanish asosida, eng avvalo, ILM-MA’RIFAT ustuvor bo‘lishiga e’tibor qaratilgani namoyon bo‘ladi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “...ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi”. 

Shu nuqtai nazardan, yosh avlod kamoloti, mamlakat taraqqiyotida ta’lim-tarbiya, ilm-ma’rifat sohasi vakillari ota-onalar, ustoz-muallimlar mehnati, ularning fidoyiligi katta ahamiyat kasb etadi.   

Farzandlarimizning kelajakda barkamol inson bo‘lib yetishishi, avvalo, ularning yoshligida olgan odob-oxloqi hamda ilm-ma’rifatiga bog‘liqdir. “Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”,deydi donishmand xalqimiz.Shu bois yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun yurtimizda bor kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda.Bunga munosib bo‘lish, imkoniyatdan samarali foydalanish esa shu yurtni ona Vatan bilgan har bir o‘g‘il-qiz, yoshu-qari, umuman, barchamizning muqaddas burchimizdir. 

 

Muzaffar KOMILOV, 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish