Farzand tarbiyasi haqida
Qadimdan xalqimizga xos muhim bir fazilat – farzand tarbiyasiga katta e’tibor ko‘rsatib kelingan. Shu e’tibor negizida oilada sog‘lom insonning dunyoga kelishi, sog‘lom tarbiya ta’sirida ulg‘ayib, kamol topishida ayol, onaning o‘rni beqiyos deb e’tirof etilgan.
Ta’kidlab o‘tish joizki, farzand tarbiyasi, avlod barkamolligi va ushbu faoliyatda ayol zotining, onaning o‘rni, vazifasi hamda mas’uliyati islomning diniy-falsafiy asoslari va manbalarida keng yoritilgan. Sog‘lom insonning shakllanishi, shaxs sifatida o‘sib borishida oilaning o‘rni beqiyos. Shu munosabat bilan islom manbalarida oilaning paydo bo‘lishi va pok insonni tug‘ilishi g‘oyalariga katta e’tibor berilgan.
Ma’lumki, sog‘lom oiladagina sog‘lom farzand voyaga yetadi. Shu sababli, islom urfida farzand tug‘ilganida emas, balki ancha oldin u haqidagi g‘amxo‘rlik va sharafli tashvishlar boshlanadi. Mol-u davlat, go‘zallik, mansab o‘tkinchi, ammo e’tiqod, odamiylik abadiydir. Yaxshi, oqila ayoldan yomon farzand tug‘ilmaydi. Agar buning teskarisi bo‘lsa, shu insonning ham bir bo‘g‘inida ma’lum kamchiliklar bo‘lgan va yuzaga chiqqan bo‘ladi.
Shu o‘rinda payg‘ambarimiz er-xotinlik axloqida ayol zotiga nisbatan quyidagicha munosabatni maqbul deb hisoblaydilar: “Alloh taolo sizlarga xotinlarga yaxshilik qilishingizni buyuradi, chunki ular onalaringiz, qizlaringiz va xolalaringizdir”. Boshqa bir o‘rinda ta’kidlaydiki: “Ayollarni e’zozlang, ularga qo‘ylar yoki qora mollarga qilgandek muomala qilmang. Yodingizda bo‘lsin: jannat onalarning oyog‘i ostidadir”.
Sog‘lom inson tug‘ilishi va tarbiyalanishida kishilarning shaxsiy va jinsiy hayoti, poklik harakati g‘oyalari ham islom manbalari va talablarida atroflicha yoritilgan. Hadislarda keltirilishicha, “Kimgaki, Alloh taolo bir soliha ayolni nasib etgan bo‘lsa, Alloh uning, dinining yarmini himoya qilishga yordam qilibdi. Endi qolgan yarmini o‘zi himoya qilsin” deyiladi.
Islom falsafasi oilaning sog‘lom avlod tarbiyasida juda katta o‘rni borligini ko‘rsatib, uning jamiyatdagi mavqeyiga yetarlicha e’tibor beradi. Alloh taolo mo‘minlariga xitob qilib, Qur’oni karimda aytadiki: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va ahli ayollaringizni otashi do‘zaxdan saqlangiz!”.
Bundan ko‘rinadiki, ota ro‘zg‘or boshlig‘i sifatida nafaqat o‘zining balki, barcha oila a’zolarining sog‘lom tarbiyalanishida javobgardir. Shu sababli ham hali ro‘zg‘or shakllanmay, bo‘lg‘usi oila a’zolarining tarbiyasini avvaldan rejalashtirish lozim.
Sog‘lom avlod nafaqat mehnatsevar insondir, balki u o‘zini noma’qul harakatlardan saqlay oladigan kishidir. Shunday noma’qul harakatlardan biri islom manbalarida zino va fohishalik deb ko‘rsatilgan. Ta’kidlash kerakki, Alloh taolo o‘zining payg‘ambarlariga yuborgan Qur’ondan oldingi muqaddas kitoblarida ham zinoni qoralab, uning sog‘lom avlod paydo bo‘lishi va rivojlanishida tuzatib bo‘lmaydigan asoratlari borligini ko‘rsatgan. Qur’oni karimda esa zino mutlaqo ta’qiqlangan. “Zinoga yaqinlashmanglar, u gunoh buzuqlikdir va Allohning g‘azabiga duchor qiladi hamda do‘zax sari boshlaydi”.
Ma’lumki, bolaning salomatligi ko‘p jihatdan tashqi va ichki omillarga bog‘liq. Tashqi omillarga ota ona, mahalla, atrof-muhit va o‘zaro munosabatlar kiradi va bu bolaning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Nasl, irsiyat, ruhiy holatni esa, bolaning tug‘ilish va yashash jarayoniga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki omillar sifatida baholash mumkin. Aslida, har ikki jihat ham, bolaning yetuk shaxs sifatida shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillar bo‘lib xizmat qiladi.
Aksariyat hollarda, bolaning sog‘lom bo‘lishi, onaning ham jisman, ham ruhan sog‘lom bo‘lishiga bog‘liq. Biroq ona negadir jismoniy jihatdan sog‘lom bo‘lish uchun harakat qilyapti yu, ammo ma’naviy-ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lishga intilmayapti. Aslida, hamma narsaning asosi qalb, ruh salomatligiga borib taqaladi. Shu jihatdan olganda, ma’nan sog‘lom muhitda voyaga yetayotgan bola bilan notinch oilada katta bo‘layotgan bolaning orasida anchagina tafovut ko‘zga tashlanadi. Ona qachon bolaga mehr ko‘rsata oladi, qachonki, oilasi o‘zaro ishonch va muhabbat asosiga qurilgan bo‘lsagina. O‘zaro ishonch va muhabbatni esa, ma’naviy yetuk insonlargina yarata oladi. Shuni bilamizki, o‘zbekona turmush tarzimizda, yaqin-yaqingacha bola ota-onaga qattiq gapirish u yoqda tursin, hatto yuziga tik qarashga hech qachon botinolmagan, sharm qilgan. Bu bizning qon-qonimizga singib ketgan sharqona yashash tarzidir.
Yoshi ulug‘larimiz farzandlarni niholga qiyoslaydilar. Haqiqatdan ham, ushbu nihollarni sog‘lom qilib tarbiyalasak, ilm, odob-axloq, hayo bilan ziynatlar ekanmiz, kelajakda bu yoshlar insonlarga ham mevasi bilan, ham soyasi bilan manfaat beradigan ulkan daraxtga aylanadi. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, bobolarimiz butun dunyoga ustozlik qilgan. Bu muqaddas zamindan ulug‘ mufassir, muhaddis, mufaqqih, mutasavvuf va qomusiy ulomolar yetishib chiqqan. Ularning hayotini o‘rganadigan bo‘lsak shu narsa ma’lum bo‘ladiki, ular yoshligidan ilmga muhabbatli qilib tarbiyalanganlar.
Agar har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir ma’rifat targ‘ibotchilari o‘zlarining bor g‘ayratlarini yurtimiz yoshlarining har sohada salohiyatlarini yuksaltirishga sarflasa, albatta kelajakda mutafakkir bobolarimiz singari dunyoga ustozlik qiladilar.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning ulg‘ayib, komil inson bo‘lishlari uchun davlatimizda barcha zarur moddiy va ma’naviy yaratilgan. O‘smirlarni sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi, ilm olishi, kasb-hunar egallashi uchun katta imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlarning esa sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xususan, ta’lim olish, sport bilan shug‘illanish, turli to‘garaklarda ishtirok etish va boshqa bir qancha imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘plab sport inshootlari, dam olish va istirohat maskanlarini barpo etib, yoshlar ehtiyoriga topshirildi. Faqat, bola zimmasiga bu imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalana olish mas’uliyatini yuklaydi.
Yuqoridagi fikrlarda shuni xulosa qilish mumkinki, sog‘lom avlod – bu millat, yurt kelajagi, uning mustahkam poydevorini esa barkamol, yetuk, ma’nan sog‘lom farzandlargina qura oladi. Zero, jannatmakon yurtga barkamol, yetuk insonlargina yarashadi. Farzandlari sog‘lom yurt esa taraqqiy etadi, yuksaladi va hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz ezgu maqsadlariga sodiq qolib, bugun biz sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratar ekanmiz, shu barobarida Vatanimiz obodligi va ozodligi, turmushimiz erkinligi va farovonligi sari qat’iyat bilan qadam tashlaymiz.
Feruza Nizamova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi
Izoh qoldirish