2

Jozibador sayyohlik markazi

Sarhisob

2024-yil davomida O‘zbekistonga jami 8,6 million nafar sayyoh tashrif buyurdi. Ko‘rsatilgan turizm xizmatlari eksporti 2,7 milliard dollarni tashkil etdi. 2023-yilning shu davriga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 1,5 barobarga o‘sdi. Sayyohlarning o‘rtacha xarajatlari 2022-yilga nisbatan 1,5 barobarga oshdi.

Buxoro viloyati kesimida tahlil qilinganda, o‘tgan yilning so‘nggi 9 oyi mobaynida viloyatga 1 million 118 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,8 foizga ko‘pdir. Eksportda turistlarga xizmat ko‘rsatishdan olingan daromad 279,1 million AQSh dollarga yetdi.

Ma’lumki, Buxoro noyob tarixiy obidalari, me’moriy ansambllari va ko‘p asrlik madaniyati bilan mashhur. Qadimiy shahar UNESCOning Butunjahon merosi obyekti sifatida o‘z sayyohlik infratuzilmasi bilan butun dunyo sayyohlarini doim qiziqtirib kelgan. Xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshlikni ta’minlash va sayyohlar sonini sezilarli darajada oshirish uchun esa, transport infratuzilmasini takomillashtirish, yo‘llarni rekonstruksiya qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish muhim o‘rin tutadi. Ayni jihatlarga qaratilgan e’tibor tufayli viloyatda turizm sohasida salmoqli yutuqlarga erishildi.

Darhaqiqat, 2024-yili viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida sayyohlik tajribasini yaxshilash, xorijiy va mahalliy mehmonlar tashrifini rag‘batlantiruvchi tashabbuslar doirasida keng ko‘lamli ishlar qilindi. Xususan, ichki turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi bo‘yicha boshqa viloyatlardan 3,1 million kishi tashrif buyurdi. Mahalliy aholiga o‘z mintaqasining tarixiy merosini chuqurroq tushunish imkonini beruvchi ma’rifiy sayohatlar va madaniy tadbirlarni o‘z ichiga olgan mazkur dastur tarixiy joylarga, shuningdek, etnik-madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi ekskursiyalar tashkil etishga turtki berdi.

Yangi turar joy binolarini barpo etish va transport infratuzilmasini yaxshilash, ko‘rsatilayotgan turizm xizmatlari hajmini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar ham Buxoroning turizm markazi sifatida jadal rivojlanayotganidan dalolat. Bunday chora-tadbirlar viloyat iqtisodiyotiga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatib, madaniytarixiy merosini asrab-avaylashga xizmat qiladi.

Manba: “Jadid” gazetasi 2025-yil 1-yanvar, 1-son

Olim Astanaqulov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri, professor

Gazetani yuklab olish uchun

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish