1

Adabiyot yashasa, millat yashaydi

Mulohaza 

Har bir millatning milliy xususiyatlari, uning o‘ziga xosligi, mentalitetini ko‘rsatadigan bu ona tili va adabiyotidir. Chunki milliy adabiyotda xalqning ong-u tafakkuri, aql-u zakovati o‘z ifodasini topibgina qolmasdan, balki ma’rifiy, axloqiy, ma’naviy xususiyatlari ham o‘z tajassumini topgandir. Zero, adabiyotni hayotning in’ikosi sifatida baholashgan. 

Shu jihatdan, adabiyot, badiiy ijod boshqa fanlarga qaraganda, xalqning, insonlarning ma’naviy jihatlarini aks ettiradi. Bu borada asrimiz boshlarida buyuk ma’rifatparvar adiblarimiz Abdulhamid Cho‘lpon “Adabiyot yashasa, millat yashaydi”, Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan edilar. 

Bil’aks, adabiyot – millat ko‘zgusi ekan, til va adabiyot kelajagi uchun qayg‘urish, uning jamiyat hayotidagi, inson ma’naviy takomilidagi o‘rnini yuqori o‘rinda saqlash va yanada rivojlantirish bugungi texnika asri bo‘lgan globallashuv jarayonida dolzarb masalalardan biridir. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Adabiyot, san’at va madaniyat yashasa, millat va xalq, butun insoniyat bezavol yashaydi” yoki “Adabiyotga va san’atga, madaniyatga e’tibor – bu avvalo xalqimizga e’tibor, kelajagimizga e’tibor”, deb adabiyotning jamiyatdagi o‘rniga yuqori baho bergan edilar. 

Darhaqiqat, adabiyotga, badiiy ijodga muhabbat qo‘yish – bu insonni ma’naviy kamolot, tafakkuriy o‘sish, yuksalish sari yetaklaydi. Shunday ekan, bugungi avlod bu ma’naviy merosdan qanchalik foydalanmoqda va qanchalik o‘z ma’naviy takomili uchun xizmat qildirmoqda. 

Bilamizki, buyuk allomalarimiz, o‘tgan va bugungi asrda yashagan ijodkorlarimiz ijodini, ular yaratgan boy ma’naviy boylikni o‘rganish bo‘yicha ta’lim muassasalarida o‘quv fani, qo‘shimcha mashg‘ulotlar sifatida bir qancha ma’naviy ma’rifiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa, katta miqdordagi ma’naviy merosni jamlagan bebaho kutubxonalarimiz mavjudligi, juda quvonarli hol. Biroq bizni o‘ylantirgan masalaning boshqa tomoni ham borki, bu insonni sergak tortishga undaydi. Bu ham bo‘lsa, bugungi kunda adabiyotga, badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishning susayib borayotganidir. Bu quyidagilarda namoyon bo‘lmoqda: 

birinchidan, yoshlarning savodxonlik, nutqiy tafakkur darajasining pastligi yoki umuman shakllanmagani; 

ikkinchidan, ularda ma’naviy axloqiy jihatlarning sustligi; 

uchinchidan, yoshlarning kitobga emas, texnik vositalarga mehr qo‘yishi, shu vositalar doirasida fikrlashi va uning qobig‘idan chiqolmasligi; 

to‘rtinchidan, kattalar tomonidan yoshlar ta’lim tarbiyasiga, ma’naviy shakllanishiga befarqlik va loqaydlarcha munosabatda bo‘lish va boshqalar. 

Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda, ayniqsa, yoshlarda insoniy jihatlarning susayib, deyarli yo‘qolib borayotganiga aslida bilim olishga intilish, kitob o‘qishga, mutolani sevishga bo‘lgan harakatning, ishtiyoqning yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. Natijada jamiyat hayotida turli notinchliklar, janjallar, axloqsizliklar, globall miqyosidagi ma’naviy qashshoqlik yuzaga kelmoqda. 

Birgina misol: jadidchilik adabiyoti mavzusini boshlashdan oldin o‘quvchilardan jadid adabiyoti namoyondalari haqida so‘ralganda, birortasidan to‘liq va jo‘yali fikr chiqmaganining guvohi bo‘lamiz. O‘sha o‘quvchilardan yengil-yelpi qo‘shiq aytadigan qo‘shiqchilarni so‘rab ko‘ring-chi, o‘zingiz tasavvur qilmagan darajada keng va atroflicha ma’lumotni olasiz. To‘g‘ri, bu fikrni hamma o‘quvchiga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Biroq savodlidan savodsizlari ko‘payib borayotgani achinarli hol. 

Shunday ekan, ma’naviy qashshoqlikdan qutqaradigan yagona vosita esa, badiiy ijod va mutolaga mehr qo‘yishdir. Ilmiy tahlillar va hayotiy tajribalar asosida aytish mumkinki, adabiyot, badiiy ijod inson tafakkurini charxlaydi, fikr doirasini teranlashtiradi, nutqini ravonlashtiradi, savodxonlik darajasini esa, oshiradi. Buyuk ajdodlarimiz ham bejizga, ilm izlash, bilim olishga intilish, ko‘p mutolaa insonni komillik, barkamollik sari yetaklashi va yetuk inson bo‘lib shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi haqidagi ibratli fikrlarini o‘z asar va qaydnomalarida bitib ketmaganlar.

Ta’limdagi katta vazifamiz ham ilmni qanday o‘qitishdan ko‘ra, ko‘proq uni qanday uqtirishda, yoshlar ongiga singdirishdadir. Yosh avlodni yetuk shaxs sifatida tarbiyalashda adabiyot eng kuchli ma’naviy qurol vazifasini bajaradi. Shunday ma’naviy qurol bilan yoshlarni qurollatirishda biz pedagoglar yetakchi rol o‘ynaymiz va har jihatdan katta hissa qo‘shishimiz zarur. 

Zero, millatni millat sifatida shakllanishiga va ma’naviy tahdidlardan holi tarzda yashashiga, adabiyot muhim va ishonchli manba bo‘lib xizmat qilgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. 

 Lola Azimova,

 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti

Izoh qoldirish