Bola dunyosini asraylik!
Xalqimizda go‘zal bir naql bor “Bolaligim – poshsholigim”. Bu hikmatli so'z zamirida bolaning shaxsiga bo‘lgan hurmat, uning ruhiy olamiga bo‘lgan munosabat yotadi. Shu jihatdan, bolalik – samimiylik, beg‘uborlik, quvnoqlik davridir. Bolaning har bir xatti-harakati, atrofdagilarga munosabati, hatto kulgisida ham shu go‘zal jihatlar mujassamini ko'ramiz.
Darhaqiqat, biz, kattalar aksariyat hollarda bola dunyosiga shu mezonlardan turib munosabatda bo‘lamiz. Bola dunyosiga xos bo'lgan go‘zal sifatlarni – beg‘uborlik, poklik, samimiylikni ko‘ramiz. Shunday ekan, bugungi globallashuv davrida bola o'z dunyosida shu mezonlarni qay darajada saqlab qolyapti. Bola boladek fikrlayaptimi yoki munosabat va xatti-harakatda bo‘lyaptimi?
Aslida, G'arb olimlarini o'ylantirgan ham shu masala, ya’ni bolalarda bolalik davrining yo'qolib borayotgani masalasidir. Ular ilmiy va ijtimoiy tahlillar natijasida bunga uch omil sabab bo'layotganini asoslab berdilar. Ya’ni birinchidan, oilaviy nizolar tufayli ajrimlar natijasida moddiy qiyinchilik, tirikchilik tashvishining bola zimmasiga tushishi; ikkinchidan, turli kasalliklar, fojiali nizolar, urushlar natijasida bolalar o'limining ortishi; uchinchidan, axloqsizlikni targ'ib etuvchi, jangari hamda kattalar turmushidagi muammoli filmlar, o'yinlar va boshqalarning bola dunyosiga ta'siri.
Darhaqiqat, bugungi texnika rivojlangan, shiddatli bir davrda bu muammolar butun dunyoni tashvishga solayotgani sir emas. Shunday ekan, bugungi tinch va farovon hayotda bola dunyosi bilan bog'liq bu kabi muammolar bizni ham o'ylantirmay qolmaydi. Bola dunyosidan bolalikni izlaymiz. Biroq izlaganimiz kattalar dunyosi bo'lib chiqadi. Ularni jonsiz, kuchsiz o'yinchoqlar qiziqtirmaydi, balki kattalar hayotidagi “haqiqiy o'yinchoqlar” qiziqtiradi. Misol uchun, ular qo'liga o‘yinchoq telefon bering-chi, qanday qabul qiladi. Yo'q, ularni haqiqiy telefon qiziqtiradi.
Tasavvur qilyapsizmi, 2 yoki 3 yoshli bola mobil vositasidagi o'yinlarni bemalol boshqaryapti, seriallardagi, filmlardagi voqealarni tahlil qilyapti, maza-matrasi yo'q qo'shiqlarni yod olib, uning ta'sirida turli holat va harakatga tushyapti. Bu ham yetmagandek, film qahramonlarining tashqi qiyofasi, xatti-harakati va o'zaro munosabatlari bola dunyosiga qanday bo'lsa, shundayligicha ko'chyapti. Natijada bola katta odamning kichraytirilgan “nusxasi”ga aylanib qolyapti.
Bir ayol 2 yoshli bolasining turli savollarni berayotgani va bunga javob berishga qiynalayotganini aytib qoldi. Eng hayratlanganim, 3 yoshga ham kirmagan bolaning so'nggi rusumdagi mobil telefon vositasidan mashinali o'yinni boshqarayotgani bo'ldi. Bu kabi holatlarni ko'rib, nega biz kattalar bola qalbini, undagi beg'uborlik, samimiylik kabi pokiza tuyg'ularni asray olmayapmiz. Aksincha, bila turib, bee'tiborlarcha, ular olamiga xudbinlik, loqaydlik, tushkunlik, nopoklik kabi salbiy illatlarni joylayapmiz.
To‘g‘ri, texnika rivojlangan asrda bolalarni to'lig'icha himoyalay olmaymiz. Biroq, ularni nazoratga olgan holda, yoshiga mos bo'lmaganalaridan cheklashimiz mumkinku. Aksariyat ota-onalar bu jarayonga befarqlarcha qarab, bolam ishimga xalaqit bermasin yoki tinch o'tirsin, deb televizor qarshisida yoki qo'liga telefonni tutqazib, qo'shiq yoki o'yinni qo'yib berib, yolg'iz qoldiradi. Bola onasidan yoki atrofidagilardan topa olmagan mehr va e'tiborni jonsiz matohdan qidiradi. Oxir-oqibat jonsiz matohning tilidek gapiradi, fikrlaydi va atrofidagilarga ham shunday munosabatda bo'ladi.
Aslida, muammodek ko'rinmaydigan bu kabi xatti-harakatimiz, bir kun kelib, qanchadan qancha salbiy oqibatlarga olib kelishini nahot o'ylab ko'rmayapmiz. Aksincha, ularga e'tiborli bo'lgan holda, ertak, ibratli rivoyatlar, qisqa va sodda tarzda topishmoqlar aytib, ular ongi va qalbini boyitaylik. Eng muhimi, bolalarimizni bolalarcha beg'ubor, samimiy holda asray olaylik.
Bolalik – inson olami shakllanadigan qisqa va eng muhim davrdir. Mana shu qisqa davrda bola dunyosiga biz kattalar poklik, ezgulik, yaxshilik urug'larini qadaylik. Keling, bugungi kunda “Bolaligim – poshsholigim” maqolining mohiyatini o'zgartirmaylik. Bu ibora bola beg'uborligiga nisbatan aytilgan hikmatli so'z bo'lib qolaversin. Bolalarimizni, ularning dunyosini har qanday tashqi ta'sirlardan, jonsiz matoh ko'rinishidagi “tarbiyachi”lardan asraylik. Shundagina biz, o'zligimizni, naslimizni, buyuk ajdodlarimiz qonida oqqan poklikni asragan bo'lamiz.
Zero, Vatanimizning ertangi kuni, uning porloq kelajagi bugungi o'sib kelayotgan yosh avlod qo'lida ekanini aslo unutmasligimiz kerak.
Lola Azimova,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti
Izoh qoldirish