Yosh avlod ongini radikalizm tahdididan himoya qilish omillari
Radikalizm – keskin choralarga moyillikni anglatadi. Fransuz tilidan kelib chiqqan bu atamaning asl mazmuni ildizdir. Voqelikni tubdan oʻzgartirish, universal – mutlaq chora bilan barcha muammolarni hal qilish – radikalizmning mohiyatidir. XIX asrda Yevropada siyosiy atama sifatida shakllangan radikalizm, keyinchalik, mutaxassislar tomonidan nafaqat siyosat, balki din va eʼtiqod sohasida ham qoʻllana boshladi.
Radikalizmni kengroq tahlil qilsak uning turlari yoxud kelib chiqish omillari bir nechta ekaniga guvoh boʻlamiz. Yoshlar orasida radikalizm va din niqobidagi ekstremizmning yuzaga kelish omillari haqida soʻz borar ekan, avvalo, uning tibbiy, madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy, jinsiy, irqiy, milliy, ruhiy omillari haqida soʻz yuritish oʻrinli.
Tibbiy omil haqida. Zamonaviy meditsina yutuqlarini inkor qilish, rasmiy tibbiyot vakillari: vrachlar va mediklarga ishonmaslik, bitta super dori bilan barcha kasalga davo topish mumkinligiga ishonish. Bugun koʻryapsiz, psevdomeditsina vakillari, soxta tabiblar, alohida qobiliyatga daʼvogar duoxon, azayimxon kabilar sabab bemorlarning vaqti, mablagʻi va asosiysi, kasallikni oʻz vaqtida bartaraf qilinmasligi sabab salomatligi jiddiy xatar ostida qolmoqda.
Madaniy omil – jamiyatda qabul qilingan urf-odat va anʼana hamda qadriyatlarga ishonmaslik, yot madaniyatni ustun koʻrish va uni yagona hayot tarzi sifatida qabul qilish. Buning oqibatida ijtimoiy ziddiyatlarni keltirib chiqarish. Bugun “ommaviy madaniyat” qancha-qancha yoshlarni oʻz tili, oʻz qadriyati, oʻzligidan judo qilmoqda. Buning oldini olish uchun milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz targʻibotini kuchaytirish.
Iqtisodiy omil – jamiyatda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida koʻzga tashlanmoqda. Hamma qabul qilgan iqtisodiy asosiy meʼyorlarni: halol kasb qilish, halol mehnat qilish, qonuniy yoʻl bilan boylik orttirishni rad qilib, qisqa muddatda tez boyish yoʻlini koʻzlash. Buning oqibatida korrupsiya, oʻgʻrilik, bosqinchilik, davlat mulkini talon-taroj qilish kabi jinoyatlar yuzaga keladi. Noanʼanaviy usulda tezda boyib ketishni koʻzlagan inson: yo noqonuniy yoʻlni tanlaydi yoki firibgarlar tuzogʻiga ilinadi yoxud odam savdosi qurboni boʻladi.
Ijtimoiy omil – jamiyat bilan, xalq bilan, millat bilan birga boʻlishni mutlaq rad etish, oʻziga xos yoʻl izlash. Baxt-saodatni individual, mustaqil yoʻlini qidirish. Odatda bunday insonlar natijaga erishishlari mushkul boʻladi. Turli xil noqonuniy guruhlar, jinoiy toʻda va sektalar asoschisiga yoki qurboniga aylanadilar. Mehnat migrantlari va uyushmagan yoshlarni ijtimoiy tadbirlar, bayram va shodiyonalarga muntazam jalb qilish mazkur muammoni bartaraf etishga yordam beradi.
Gender omili – omad yoki omadsizlikni biror jins bilan bogʻlash. Erkak va ayol oʻrtasidagi munosabatlarda tenglik tamoyilini buzilishi. Masalan, oilaning barcha ishlarini ayol qilishi kerak, deb hisoblash. Yoki ayol xohlagan barcha narsani, boylik va sarvatni erkak, albatta, muhayyo qilishi kerak, deb hisoblash. Roʻzgʻordagi maishiy ishlarni kelin zimmasiga yuklab qoʻyish. Yevropada ayollarga nisbatan tajovuz kuchaygani sabab, Femitsid – ayollarga nisbatan zoʻravonlik tushunchasi shakllandi va feministik – ayollarni muhofaza qilishga qaratilgan harakatlar yuzaga keldi. Gender tengligi, ayollar va erkaklar huquqlarini birdek eʼtirof etishga qaratilgan targʻibot va tashviqot ishlarini koʻlami va sifatini orttirish mazkur muammoni hal qilishning muhim omilidir.
Irqiy omil – biror irqqa nisbatan past nazar bilan qarash, oliy irq, oliy nasab tushunchalariga eʼtiqod sabab yuzaga keladi. Asrlar davomida qora tanli aholiga nisbatan tajovuz sabab rasizm – irqchilik muammosi yuzaga keldi va ayni paytda jahon hamjamiyati bu muammodan xoli emas. Barcha insonlar tengligi (Konstitutsiyaning 19-moddasi) borasidagi qarashlarni aholi, xususan, yoshlar ongiga singdirish mazkur muammoni hal qilish omillaridandir.
Ruhiy omil – baxt-saodat, rohat-farogʻatga erishish uchun keskin choralarni izlash. Buning oqibatida giyohvandlik, ichkilikbozlik, depressiya kabi ogʻir holatlar kelib chiqadi. Qisqa muddatda, keskin choralar bilan ruhiy oromni istash ogʻir muammolarni keltirib chiqarmoqda va ayrim hollarda suitsid – oʻz joniga qasd qilish kabi fojealar yuzaga kelmoqda. Ruhiy-maʼnaviy sogʻlomlik asoslarini oʻrgatuvchi va mustahkamlovchi seminar-treninglarni tizimli tashkillashtirish mazkur muammoni hal qilish yoʻllaridandir.
Bu omillar yosh avlod ongida radikal tafakkurning shakllanishiga olib keladi. Radikal tafakkur ekstremizm, odam savdosi, korrupsiya, giyohvandlik, missionerlik, terrorizm, suitsid kabi xatarlarning yuzaga kelishiga olib keladi.
Radikal tafakkurning asosiy omillaridan biri deprivatsiya (lotincha deprivatio – yoʻqotish, mahrum qilish) – asosiy psixofiziologik (jismoniy, huquqiy, diniy, fikriy (Gegel) yoki ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish qobiliyatining kamayishi yoki toʻliq mahrum boʻlishi yoki oʻzini shunday his qilishidir. Uning dastlabki bosqichi frustatsiyadir. Frustatsiya – lotincha frustratio – aldanish, behuda kutish, rejalarning buzilishi, oʻylagan ishlarni chippakka chiqishi. Oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonchni yoʻqotish sababli yuzaga keladigan ruhiy tushkunlik holati. Deprivatsiya – sodda ifoda etganda mahrumlik hissi. Orzu-maqsadlariga erishish umididan mahrumlik, umidsizlik, tushkunlik kayfiyatidir. Frustatsiya va deprivatsiya holatlarin oldini olishda motivatsiyaning oʻrni katta.
Motivatsiya (lotincha movēre “harakat qilish” dan) harakatga undash; inson xulq-atvorini boshqaradigan, uning yoʻnalishini, tashkiliyligini, faolligini va barqarorligini belgilovchi psixofiziologik jarayon; insonning oʻz ehtiyojlarini faol ravishda qondirish qobiliyati.Bugun motivatsiya haqida koʻp va xoʻp soʻz yuritilmoqda. Lekin motivatsiyadan, ruhlantirish, goʻzal ishlarga yoʻnaltirishdan ilgari tushkunlik va umidsizlik kayfiyatini bartaraf qilish muhimdir.
Radikalizm, ekstremizm va terrorizm tushunchalari bejiz lotin tilidan kirib kelmagan. Sababi, gʻarb tafakkurida hayotdagi barcha qiyinchiliklar sababi sifatida tashqi omil koʻrsatiladi. Aybni inson oʻzidan emas, tashqaridan izlaydi. Shuning uchun ham Jordano Bruno, Nikolay Kopernik kabi mutafakkirlar inkvizitsiya azobiga uchraganlar. Jamiyatdagi barcha qiyinchiliklarni kimnidir zimmasiga yuklash va buning uchun aybdorni izlash, uni topish va jazolashga intilish mazkur dunyoqarashning natijasi, hosilasidir. Radikal va ekstremistik guruhlarning eʼtiqodi, aqidasi, dunyoqarashidagi eng katta xato, adashish va yanglishish ham shunda. Aybni tashqaridan: boshqa insonlardan, millat va xalqdan, jamiyat va davlatdan izlashda. Sharqona tafakkur, islom falsafasi va madaniyatining yondashuvi inson oʻzi yaxshi, niyati va amali goʻzal boʻlsa olam ham yaxshi, jamiyat goʻzal, davlat ham goʻzal boʻladi.
Sharqona tafakkurda:
Boshingga ne kelar boʻlsa, oʻzgadanmas oʻzingdan bil,
Qabih niyat, yovuz qilmish, yomon aytgan soʻzingdan bil, degan tushuncha hukmron.
Alisher Navoiy:
Agar el qilmadi himoyat senga,
Oʻzingdan kerakdir shikoyat senga.
deb bejiz aytmaganlar. Afsuski, bu haqiqatdan bugun ayrim kishilar, xususan, yoshlar uzoqlashdi. Musulmon dunyosidagi parokandalik, ilmsizlik, kasbu hunarga qiziqmaslik, oʻz muvaffaqiyatsizligida aybni oʻzidan emas atrofdan izlash kabi illatlar turli ixtilof va ziddiyatlarga sabab boʻlmoqda. Bundan radikal va ekstremistik guruhlar oʻzlarining gʻarazli maqsadlariga erishish yoʻlida foydalanmoqdalar.
Yoshlarni radikal va ekstremistik gʻoyalardan himoya qilishdagi eng muhim omillar:
– mustaqil, tanqidiy, tahliliy fikrlashni kuchaytirish,
– dunyo adolatli boshqaruv tizimidan iborat ekanini;
– har bir inson niyatining pokligi, harakatining faolligi, axloqining goʻzalligiga qarab natijaga erisha olishiga qatʼiy ishonchni shakllantirishdan iborat.
Mustaqil fikrlash – turli yot gʻoyalarga aldanib qolmaslikka, tahliliy fikrlar – har qanday murakkab vaziyatda toʻgʻri qaror qabul qilishga, tanqidiy fikrlash – oʻzgalarni ayblash emas, balki oʻz xatolarini koʻra olish va ularni oʻz vaqtida bartaraf etishga undaydi.
Radikalizm va ekstremizm profilaktikasida – oʻta muhim jihat bu ishonch masalasi. Millat, xalq, jamiyat, davlat va qolaversa, butun dunyo adolat mezoni ostida ekaniga, sodda ifoda etganda, hayot toʻliq adolat boshqaruviga qurilganiga qatʼiy ishonch. Bu ishonch:
– halol mehnat qilgan inson albatta koʻzlagan natijaga erishishini;
– har bir qiyinchilik ortida bir emas ikki yengillik borligini;
– dili pok-u tili pok-u qilayotgan ishlari pok kimsaga hech qanday xavf-xatar yoʻqligini ifodalaydi.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan benazir xalqchil siyosatning mohiyatini qatʼiyat bilan, tizimli ravishda aholiga, ayniqsa, yoshlar ongiga yetkazish oʻta dolzarbdir. Davlatimiz rahbarining 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan akademik shoir Gʻafur Gʻulom tilidan Oʻzbekiston yoshlariga qarata “Siz axir osmonni olmoq boʻlsangiz, Ne uchun yelkamni tutib bermayin” deya murojaat qilganlarini anglash va anglatish sohada ishlayotgan har bir mutasaddining doimiy shioriga, kundalik maqsadiga aylanishi zarur.
Radikalizm va ekstremizmning kelib chiqish omillarini bartaraf etish maqsadida:
Bu illat:
– ishonchsizlikdan kelib chiqyaptimi – yorqin kelajakka ishontirish;
– ilmsizlikdan kelib chiqyaptimi – bilim olish uchun koʻmakchi boʻlishimiz;
– ishsizlikdan kelib chiqyaptimi – Oʻzbekistonda yoshlar taʼlimi, tarbiyasi, kasbu hunari uchun yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishni oʻrgata olishimiz;
– bagʻritorlik, jizzakilik, ichki norozilikdan kelib chiqyapttimi – bagʻrikenglik, tolerantlik tuygʻularini shakllantirishimiz va mustahkamlashimiz zarur.
Radikalizm va ekstremiz har qanday mustahkam jamiyatning ildiziga bolta uradigan, qudratli davlatni zaiflashtiradigan jiddiy tahdid, millat kelajagini xavf ostiga qoʻyadigan, avlodlar baxtini poymol qiladigan illatdir. Uning profilaktikasida: salbiy oqibatlarini oldindan his qila olishda, tegishli choralar koʻrishda va bartaraf etishda shu yurtni sevadigan har bir ziyoli, har bir mutasaddi, har bir ongli inson tizimli va tinimsiz harakat qilishi bugungi davrning dolzarb vazifasidir.
Saidafzal Saidjalolov,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti
Izoh qoldirish