4

Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot masalasidir

Mulohaza 

Maʼlumki, oila, mahalla hamda taʼlim muassasasi inson tarbiyasida muhim boʻgʻin hisoblanadi. Inson oilada tugʻilib, jismonan ulgʻayib borsa, mahalla uning milliy xususiyatlarini shakllanishiga, taʼlim dargohi esa aqliy zakovatini rivojlanishiga va har biri umumiy holda insonni maʼnaviy yetuk bir shaxs maqomiga erishishiga xizmat qiladi. 

Bilamizki, davlatimiz tomonidan oilalar mustahkamligi, obod va farovon boʻlishiga katta eʼtibor berilmoqda va buning uchun tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Chunki oilaviy muhit qanchalik sogʻlom, turmush obod boʻlsa, mahalla shunchalik tinch va farovon, jamiyat esa, ravnaq topadi. 

Darhaqiqat, farzand ana shu uch muhit taʼsirida ulgʻayib, oʻzligini anglab boradi. Farzand tarbiyasida ota-ona, mahalla faollari va pedagoglar hamkorligi koʻp jihatdan ahamiyatlidir.

Buyuk maʼrifatparvar ijodkor Abdulla Avloniy tarbiya xususida “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan edi. Ushbu ibratli soʻz zamirida jamiyatni olgʻa siljishiga asos boʻladigan purmaʼno hikmat mavjud. Chunki inson hayoti uchun tarbiyaning nechogʻliq ahamiyatliligi – bu ayni paytda, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi mezon ham hisoblanadi. Toʻgʻrirogʻi, tarbiya bizning ongli mavjudot sifatida yashashimiz uchun hayotimiz asosi va turmushimiz saodati boʻlishi kerak. 

Albatta, tarbiya taʼlim bilan birga, uzviylikda olib boriladi. Shunday ekan, tarbiyani inson tugʻilishidan va hatto baʼzi allomalar fikriga koʻra, ona qornidaligidayoq ola boshlasa, inson maʼlum yoshga, yaʼni aqlini tanigandan boshlab, tarbiya taʼlim bilan birgalikda, uzviylikda singdiriladi. Biroq kundalik turmushimizda tarbiyada biroz oqsoqliklar koʻzga tashlanmoqda. Chunki eng katta tarbiya oʻchogʻi – bu bola ilk dunyoni koʻrgan oila hisoblanadi. Farzand tarbiyani oiladan, asosan onadan oladi va u yaratgan muhit asosida ulgʻayadi. 

Xalqimizda goʻzal bir maqol bor: “Onasini koʻrib, qizini olgin”. Bundan koʻrinadiki, farzand tarbiyasiga koʻproq ona masʼul. Shunday ekan, ona har tomonlama yetuk va tarbiyali boʻlishi lozim. Biroq kundalik turmushdagi voqealardan, taʼlim jarayonidagi koʻngilsiz holatlarni koʻrib, nega tarbiyada bu darajada zaiflashib ketyapmiz, degan xulosaga kelasan kishi. Farzandim hech kimdan kam boʻlmasin, yaxshi yashasin, qiynalmasin, deb ona koʻngliga qaraydi. Baʼzan bu bilan bogʻliq umumtaʼlim maktablarida koʻngilsiz holatlarga duch kelasan kishi. Xususan, ona taʼlim muassasasiga qizi yoki oʻgʻli ustidan emas, taʼlim berayotgan oʻqituvchi ustidan arz qilib kelish holatlari koʻp uchraydi. Natijada oʻqituvchini tarbiya berolmaslikda, farzandini haqorat qilganlikda ayblab, boshiga bir olam “magʻzava” toʻkib ketadi. Baʼzi kiyinishini gapirgan oʻqituvchi ustidan arz qilish holatlari kuzatiladi. 

Xulosa esa aniq, oʻqituvchi oʻquvchi nazarida gunohkor, qoʻrqoq va bilimsiz. Hatto bola oʻqituvchini hurmat qilmaydi, ayni paytda mensimay qoʻyadi va uning sabogʻini olishga hech qachon intilmaydi. Nega biz onalar farzand tarbiyasi bilan bogʻliq jiddiy ishga befarq va hissiyotlarga berilgan holda oʻzimizni yoshlarcha tutib, munosabatda boʻlyapmiz. Balki bu yoshlarcha xatti-harakatimiz orqali oʻzgalarga zoʻrligimizni, kuchimizni koʻrsatishdir. Oqibatda, farzandimiz aytganimizni qilmasa, gap qaytarib, betga choparlik qilsa, tili va xatti-harakati bilan ozor bersa, hayotda munosib oʻrnini topolmasa, nolishga tushamiz. Aslida katta ayb oʻzimizda ekanligini kech anglab yetamiz.

Bilamizki, oʻzbekona turmush tarzimizda, yaqin-yaqingacha bola ota-onaga qattiq gapirish u yoqda tursin, hatto yuziga tik qarashga hech qachon botinolmagan, sharm qilgan. Bu bizning qon-qonimizga singib ketgan sharqona yashash tarzi. Biroq jamiyatda yuzaga kelayotgan tarbiyasizliklarni koʻrib va eshitib, oʻzbekona tarbiya qani va uni nega koʻpgina oilalar turmush tarzi, yashash sharoitidan topolmayapmiz, degan ogʻriqli savollar qiynaydi. Nega farzandlarimizga ibrat maktabi boʻla olmayapmiz, degan savollar bot-bot koʻnglimizga kelaveradi. Bu, balki, bilim saviyamiz, dunyoqarashimiz torligi va oʻzimizdan yoshlari ulugʻ – keksalar oʻgitini olmasligimizdir. Balki kitobxonlik darajamizning susayib ketayotganidir. 

Nima boʻlganda ham, tarbiya masalasiga sust va loqaydlarcha yondashyapmiz. Bilamizki, keksa otaxon va onaxonlarimiz hamisha yoshlarga ibrat maktabi, hikmatlar ummoni boʻlib kelganlar. Ulardan oʻrganaylik, ibratli yashash tarzini andoza qilib olaylik, oʻgit va nasihatlariga quloq beraylik.   

Koʻrinadiki, tarbiyaning asosi koʻp jihatdan bilimga va yaxshilarga yondashishda va ularning ibratli hayot tarzi asosida yuzaga kelgan boy tajribaga hamda purmaʼno soʻzlarini qay darajada bilishga borib taqalar ekan. Shu oʻrinda bobomning yoshligimda aytgan goʻzal oʻgitlarini misol tariqasida keltirmoqchiman: “Bolam, allomalarimiz qoldirgan hikmatli soʻz va matallarni qanchalik yod olib borsang, qalbingga shunchalik naqshlanib boraveradi. Natijada sening tilingdan ham shunday goʻzal soʻzlar yogʻila boshlaydi”

Farzandlarimiz ham rivoyat, hikoyat va ibratli soʻzlarga juda muhtoj (bu xulosani taʼlim jarayonidan kelib chiqqan holda aytyapmiz). Ular olamini boy maʼnaviy chanqoqlik bilan qondira olsak, oʻylaymizki, Abdulla Avloniy bobomiz aytgan va istagan tarbiya tushunchasi, biz uchun mazmunli hayotimiz asosi, baxtimiz saodati boʻlib xizmat qiladi.

Lola Azimova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti

Izoh qoldirish