20

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

Korrupsiya jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan zararli illat hisoblanadi. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Korrupsiya davlat, iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan eng asosiy toʻsiqlardan biridir.

Keyingi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Qonun, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yoʻlga qoʻyildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Bu kunni belgilashdan maqsad, korrupsiya muammosining tub mohiyatini tushunib yetish va korrupsiya bilan kurashish hamda uni oldini olishdan iboratdir.

Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan har yili “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bagʻishlangan Aksilkorrupsiya oyligi eʼlon qilinib, oʻtkaziladigan tadbirlar rejasi tasdiqlanib kelinmoqda. 

Mazkur rejaga muvofiq, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, ularning jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini taʼminlash hamda ommaviy axborot vositalari jurnalistlar, blogerlar va fuqarolarni qiziqtirgan savollariga javob olishlari maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri oʻtkazildi. 

Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zohidjon Islomov, Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor Salim Dusanov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatov, Akademiya vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida soha prorektorlari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Eshmatovning maʼlumotlari tinglandi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mamlakatimiz diniy-maʼrifiy sohasida hassos mutaxassislarni tayyorlovchi nufuzli oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz tomonidan mazkur taʼlim muassasasi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, professor-oʻqituvchi, ishchi-xodim va talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, mehnatini munosib ragʻbatlantirishga alohida ahamiyat berilayotir.

2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, ushbu sohadagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Mazkur Farmonning bir yoʻnalishi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti va Oʻzbekiston islom akademiyasi negizida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikamiz oliy taʼlim muassasalari milliy reytingi hamda akademik litseylar reytingi eʼlon qilindi.

Oliy taʼlim muassasalarining 2022-yildagi faoliyati natijalari boʻyicha milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida esa 59,74 natija bilan 1-oʻrinni egalladi. Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻtgan yili 55,95 foizlik natija bilan respublikada 4-oʻrinda qayd etilgandi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati 66,5 foizni tashkil etib, reytingda 1-oʻrinni egallagan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 70,74 foizni tashkil etdi. Akademiya mazkur natija bilan 1-oʻrinni yanada mustahkamladi. 

Akademik litseylar reytingida esa Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi 28,83 foiz koʻrsatkichni qayd etib, koʻrsatkich eʼtibori bilan oʻtgan yildagi natijasini yaxshiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islomshunoslik fakultetlari faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Shuningdek, mazkur fakultetlar tarkibida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”, “Xalqaro munosabatlar”, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar”, “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari”, “Ijtimoiy fanlar va huquq”, “Oʻzbek va xorijiy tillar”, “Din psixologiyasi va pedagogika”, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO”, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” hamda “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kabi zamonaviy va xalqaro darajadagi kafedralar tashkil etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻz maqomiga munosib boʻlish hamda xalqaro miqyosda yetakchi oʻrinlarni egallash maqsadida keng koʻlamli yangiliklarni amaliyotga tatbiq etmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Akademiyaning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari sezilarli kengaydi. Natijada Akademiya professor-oʻqituvchilari va yosh ilmiy tadqiqotchilarining xalqaro konferensiya, ilmiy seminar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashdi. Oʻz navbatida, xorijlik professor-oʻqituvchilar, talabalar va doktorantlarning Akademiya oʻquv jarayoniga jalb etilishi hamda yurtimizda ilmiy-tadqiqot olib borishga qiziqishi ham yildan-yilga oshib bormoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 40 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshirib kelmoqda. 

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish