7

Londonda “Xamsa” asarining noyob qo‘lyozmasi topildi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyada xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari London shahridagi “Christie‘s” va “Sotheby‘s” auksion savdo uylarida bo‘ldi.

Safar davomida “Christie‘s” auksion savdo uyining Islom va Hindiston sanʼati bo‘limi boshlig‘i Sara Plambli mazkur tashkilot tarixi va faoliyati bilan qisqacha tanishtirdi. Tashkilotda mavjud bir qator nodir eksponatlar, tasviriy sanʼat asarlari haqida maʼlumot berdi. Jumladan, Plambli auksion uyida saqlanayotgan ayrim qo‘lyozmalarni mehmonlarga ko‘rsatdi. Ulardan biri sharq mumtoz adabiyoti vakili Xoji Kirmoniy tomonidan 1524-yilda ko‘chirilgan “Xamsa” asarining qo‘lyozmasi, yana biri Shamsiddin Muhammad Assor tomonidan 1494-yilda Tabrizda ko‘chirilgan “Shams va Mushtariy” dostonidir. Har ikkala qo‘lyozma temuriylar davri kitobat sanʼati taʼsirida yaratilgan.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari London shahridagi yana bir auksion savdo uyi – “Sotheby‘s”ga bordi. Delegatsiya aʼzolarini Auksion savdolari bo‘limi rahbari Benedikt Karter qabul qildi. Savdo uyi xodimlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillariga ayni paytda savdo uyi ixtiyorida bo‘lgan, Markaziy Osiyo madaniy merosiga oid osori-atiqalar haqida maʼlumot berishdi. Jumladan, VIII asrga mansub sug‘diylar libosi, somoniylar davriga tegishli bo‘lgan sopol idishlar, qadimiy binolarga oid koshinlar, mamluklar va temuriylar davrida ko‘chirilgani taxmin qilingan Qurʼoni karim qo‘lyozmalari haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Shuningdek, mazkur auksion savdo uylari mutasaddilari 2025-yil mart oyida Toshkentda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan “Xalqaro Islom madaniy meros haftaligi”ga ham taklif etildi.

Delegatsiya a’zolarining xizmat safari davom etmoqda.

Izoh qoldirish