8

Maʼnaviy merosni yoshlarga yetkazishda bagʻrikenglik tamoyilining oʻrni

Xalqimizning boy maʼnaviy merosiga nazar solsak, azaldan nuroniylarni qadrlab, eʼzozlab, hurmatini joyiga qoʻyib, qadriyat darajasida eʼtirof etib kelingan. Ajdodlarimiz “Qari bilganni pari bilmas”, “Qarisi bor uyning parisi bor”, deb bejiz aytishmagan. 

Oʻzbekona odob-axloq boʻyicha keksalar oldidan salom bermasdan oʻtish gunoh, deb oʻrgatilgan. Murabbiy-ustozlarning beminnat xizmatiga bir umr sodiq boʻlish, ularning duolarini olish, nasihatlariga quloq solish va amal qilish ham farz, ham qarz hisoblangan. Sharqda qariyalarni qadrlash oʻzbekona qadriyat boʻlib, milliy mentalitet darajasiga koʻtarilgan, keksalarni hurmat qilish, asosiy axloqiy fazilat boʻlib, har bir farzandga yoshligidan oila davrasida singdirib borilgan. 

Oʻz navbatida, muayyan hayotiy tajribaga ega, hayot murakkabliklarini yenggan, qiyinchilikda chiniqqan keksalar oʻtmish merosi xalq urf-odatlar va anʼanalarini yoshlarga oʻrgatganlar. Shu bois, yoshlar nafaqat ota-onalarning, balki mahalla jamoasining ham nazar-eʼtiborida boʻlishgan. Shu tariqa, bir tomondan, avlodlararo oʻzaro munosabatlarning uzviyligi taʼminlansa, ikkinchi tomondan, yoshlarda bagʻrikenglik tamoyili shakllanib borishiga erishilgan. Yoshlar ulardan oʻrnak olib, oʻz hayotlari davomida yaxshi nom qoldirishga intilishadi. Ularda hayotga muhabbat, mehnatsevarlik, bagʻrikenglik, bunyodkorlik hissi shakllanadi.

Qariyalardagi hayot tajribasi, aql-zakovati yoshlardagi kuch-gʻayratni, joʻshqinlik, tashabbuskorlikni toʻgʻri sarflashga, gʻoyaviy boʻshliqqa yoʻl qoʻymaslikka, ogoh boʻlishga, bagʻrikenglik tamoyiliga asoslanishiga daʼvat etmoqda. 

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ijobiy oʻzgarishlar – obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, qadriyatlarimizni qadrlash, maʼnaviy merosimizni tiklash, farzand tarbiyasi dasturlarini amalga oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yaxshilash kabi qator ishlarda keksalar bosh-qosh boʻlmoqdalar. Ular maslahat va yoʻl-yoʻriqlari bilan bu ishlarga hissalarini qoʻshishmoqda. Viloyat, shahar va tuman hokimlari muayyan sohalarda keksalar bilan bamaslahat ish olib bormoqdalar, ular  tajribasiga tayanmoqdalar.

Maʼlumki, oʻtmishda barcha oilaviy toʻy va marosimlar, jumladan hasharlar mahalla jamoalari ishtirokida oʻtkazilgan. Qoʻshnilar, mahalladoshlarning oʻzaro hashari, oʻzbek xalqidagi mehmondorchilik odati ham keng tarqalgan.

Mehmonnavozlik milliy xususiyatimizga aylanishida mamlakatimizning Buyuk Ipak yoʻli markazida joylashgani muhim rol oʻynagan. Bundan koʻp asrlar avval hozirgiday mehmonxonalarning boʻlmaganligi, karvonsaroylarning esa yetarli emasligi, ularda muayyan muddat yashash qulayliklari yoʻqligi savdogarlarning anchagina qismi xonadonlarga qoʻnoq boʻlishiga olib kelgan. Iqtisodiy shart-sharoit va zarurat milliy xususiyatlarimizdan biri boʻlgan mehmonnavozlikning shakllanishiga katta turtki bergan. 

Kattalarni hurmat qilish odati ham urugʻchilik davridan boshlab mavjud. Bu davrda ijtimoiy munosabatlar kichiklarning kattalarga va qabila boshliqlariga soʻzsiz itoatda boʻlishini taqozo etgan. Urugʻ va oila jamoasini, asosan, urugʻ va oila boshliqlari boshqargan. Ogʻir ishlarni asosan, yoshlar bajargan. Qariyalar kundalik hayot uchun zarur bilimlarni, xususan, oʻtmishdan meros boʻlgan barcha taomil (urf-odatlar)ni yoshlarga oʻrgatganlar. Oʻzbek xalqining bunday odatlari xalq anʼanalari hamda islom dini  asosida yuzaga kelgan. 

Yuqorida keltirilgan tartib-qoidalar, odatlar yoshlarga qatiy tarzda, avvalo, oilada oʻrgatilgan. Farzandlarning odobi, axloqi, bagʻrikengligi oiladagi tartib-intizom va udumlarning qatʼiyligiga bogʻliq boʻlgan. 

Oʻzbek xalqining oilaviy marosimlaridan eng asosiylari beshik toʻyi, sunnat toʻyi va nikoh toʻylaridir. Bu udumlar bevosita oilaviy boʻlsa-da, lekin jamoaning keng ishtirokida oʻtgan.

Maʼlumki, xalqimizda kattalarni hurmatlash, eʼzozlash, ularning pand-nasihatlariga amal qilish kabi fazilatlar azal-azaldan mavjud. Chunki, yoshlar keksalarning oʻgitidan, donolik yoʻgʻrilgan nasihatlaridan, namunali hayotidan xulosa chiqarib ibrat oladilar. Zero, qariyali uy-maktabdir, deb bejiz aytilmagan. Yana xalqda “Qariya-qarindoshlar moytugʻidir”, deyiladi. Moytugʻ “tugʻ” soʻzidan olingan boʻlib, bayroq oʻrnatiladigan joy, yaʼni qarindosh-urugʻlar toʻplanadigan maskan, degan maʼnoni anglatadi. Darhaqiqat, oʻzbek oilasida har bir qariyaning holidan xabar olish, zarurat boʻlganda koʻmaklashish ham farz, ham qarzdir. Shuning uchun ham har bir moʻmin, solih farzand qariyalar duolarini oltin bilib, onalarimiz oyogʻi ostidan boshlanuvchi jannatni oʻylab yashaydilar. 

Xullas, ajdodlar merosini keyingi avlodlarga toʻla-toʻkis yetkazishda qariyalarning oʻrni, xizmati kattadir. 

 Har bir xalqning tarixan tarkib topgan oʻziga xos urf-odat va anʼanalari eʼzozlanib, ajdodlardan avlodlarga meros qoladi. Shu tariqa ajdodlar anʼanalarini davom ettirib, ularning barqarorligini taʼminlaydi. Ijtimoiy tarbiyaviy ahamiyatga molik odat va marosimlar asrlar davomida jamoatchilikning keksalari boshqaruvida boʻlgan. Har qanday davlat oʻz millati, xalqini mukammallashtirish maqsadida xalqchil, insonparvar odat va anʼanalarni qoʻllab-quvvatlab kelgan. Shu jumladan, oʻzbek millatiga xos anʼana va urf-odatlar ham tarixan tarkib topgan ijtimoiy munosabatlar mahsuli boʻlib, xalqning yashash sharoiti, muhiti natijasida vujudga kelgan.

Taʼkidlaganimizdek, ajdodlar merosida keksa va yoshlar oʻrtasidagi munosabatlar muhim oʻrin egallaydi. Yosh avlod bu boy merosdan toʻla bahramand boʻlishi uchun, avvalo, keksalarni hurmat qilishlari, qadrlashlari, ularning hayotiy ehtiyojlarini qondirishlari, oʻz farzandlik burchlarini bajarishlari, bagʻrikeng boʻlishlari lozim. Bu merosni yosh avlodga yetkazish, ularni barkamol avlod etib tarbiyalashda ota-ona, katta yoshdagi kishilarning namunali hayoti, tarbiyaviy ishlari, pand-nasihatlari katta ahamiyatga egadir.

Shohida Sodiqova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Psixologiya va pedagogika” kafedrasi professori,

sotsiologiya fanlari doktori

Izoh qoldirish