10

Bag‘rikenglik ta’rifi haqida

Bag‘rikenglik so‘zi turli xalqlar tillarida o‘ziga xos shaklda ishlatilishiga guvoh bo‘linsa-da, mazmunan bir-biriga yaqin va to‘ldiruvchi xususiyatga egaligini ko‘rish mumkin.

O‘zbek tilida “bag‘rikenglik” tarzida ishlatiladigan ushbu so‘z Yevropa til oilalarida “tolerance” shaklida o‘rta asrlarda paydo bo‘lgan. Asli lotincha “tolerance” (“chidamoq”, “sabr qilmoq”) soʻzi XIV asrda fransuz va XV asr boshlarida ingliz tillarida ilk bor qoʻllanilgan. Bu so‘z ingliz tilida “toleration” shaklida qo‘llanilib “hokimiyat tomonidan berilgan ruxsat”, fransuzchada “toleration” tarzida ishlatilib “bardoshlilik” maʼnolarini bildirgan. Kambridj lug‘atida keltirilgan ta’rifga ko‘ra, “bag‘rikenglik – sizga yoqmagan holat bo‘lsa-da, odamlarga o‘zlari xohlagan narsani qilish yoki ishonishlariga imkon berilishini bildiradi”.

Rus tilida ushbu so‘z “толерантность” shaklida qo‘llanib, “turli qarash, axloq va odatlarga sabr bilan munosabat bildirish hisoblanadi. U turli xalq, millat va dinlarning xususiyatlariga nisbatan shaxsiy qarashni ifodalashda ko‘zga tashlanadi. U, shuningdek, shaxsiy qarashlarini o‘zga fikrlar bilan taqqoslashdan qochmaydigan kishining o‘ziga ishonchini anglatuvchi ma’naviy belgidir”.

Arab tilida ushbu so‘z «التسامح» (at-tasaamuh –“Shafqat”, “iltifot”, “yo‘l berish”) lafzi bilan ifodalanib, u orqali “odamlarni kechira olish, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmaslik, barcha dinlar va payg‘ambarlar da’vat etgan yuksak axloqqa ega bo‘lish” tushuniladi.

Turk tilida bag‘rikenglik tushunchasi “hoşgörü”kalimasi orqali ifodalanib, har bir narsa, shaxs yoki voqelikka nisbatan xush kayfiyatda qarash, tushunishga harakat qilish ma’nosini bildiradi.

“O‘zbek tili izohli lug‘ati”da esa “bag‘rikenglik – masalaga keng ko‘lamda, ochiq ko‘ngillik bilan yondashishdir” deya ta’riflangan.

UNESCOning “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”da mazkur tushuncha yanada batafsil ta’riflanganini o‘qish mumkin: “Bag‘rikenglik – Yer yuzidagi madaniyatlar, ifoda etish shakllari va bashariy hayot yo‘llari xilma-xilligini hurmat qilish, qabul qilish va qadrlashni bildiradi. U bilim, ochiqlik, muloqot va fikr, vijdon va e’tiqod erkinligi orqali ta’minlanadi. Bag‘rikenglik – farqlardagi uyg‘unlik va mushtaraklikni topa olishdir”.

Odiljon Ernazarov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o’rganish UNESCO” kafedrasi mudiri, dotsent

Izoh qoldirish