10

O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch va muloqot yo‘li bilan hal qilish tarafdori

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari Arab-islom qo‘shma sammitida ishtirok etadi.

Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Arab-islom qo‘shma sammiti Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan. Anjumanda Yaqin Sharq muammosini hal qilish, xususan, Isroilning Falastin va Livandagi harbiy harakatlarini to‘xtatish yuzasidan oliy darajada fikr almashish rejalashtirilgan.

Mazkur anjumanning Arab-islom qo‘shma sammiti deb nomlanishiga o‘tgan yili Arab davlatlari uyushmasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining alohida sammitlarining birgalikda o‘tkazilgani sabab bo'ldi. Shundan so'ng, mazkur ikki tashkilotning oliy darajadagi majlislarini Arab-islom qo'shma sammiti nomi ostida o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Tadbirdan avval tashqi ishlar vazirlari darajasidagi yig'ilish bo'lib o'tadi. Unda asosiy tadbir kun tartibi va qabul qilinadigan Qo'shma bayonot loyihasi ko'rib chiqilishi ko'zda tutilgan.

O'zbekiston va arab davlatlari xalqlari o'rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va an'analar, muqaddas islom dinimiz ularning asosini tashkil etadi. Movarounnahr va arab diyorlari o'rtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda o'rta asrlarda yashab o'tgan buyuk mutafakkir va allomalarimizning beqiyos xizmatlari bor.

Hozirgi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo'lib kelmoqda. Ayni paytda O'zbekiston arab davlatlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.

O'zbekiston arab-islom mamlakatlari bilan savdo va transport bog'liqligini kuchaytirishdan manfaatdor. Xususan, arab dunyosi bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uyg'unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega bo'lib qolmoqda.

Turizm sohasi ham o'zaro aloqalarni muhim yo'nalishi hisoblanadi. O'zbekiston "Ko'rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo" yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo'ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qo'shma turistik mahsulotlarni ko'paytirish va boshqa takliflarni ilgari surmoqda.

E'tiborlisi, O'zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida e'tibor qaratayotir. Xususan, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash sohasida, shuningdek, bunday tahdidlarning internet va vositalar orqali tarqalishidan yoshlarni himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi bir qator sammitlarda ta'kidlandi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi minbari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar sammitlarida Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch yo'l bilan hal etish va mamlakatimizning bu boradagi pozitsiyasini ochiq oydin ta'kidlab kelmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu mintaqadagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu esa qo'shni mamlakatlar va yirik davlatlarning mazkur muammo domiga tortilishi oqibatida global inqirozning yirik o'chog'iga aylanib ketishi mumkinligini tashvish bilan qayd etyapti.

Xususan, 2023-yil 9-noyabr kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida davlatimiz rahbari o'tkir xalqaro va mintaqaviy muammolarga, shu jumladan Yaqin Sharq va Afg'onistondagi vaziyatga ham to'xtalib o'tdi. G'azo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to'xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash va oqilona murosaga kelishga chaqirdi. Falastin xalqi BMT rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan o'zining mustaqil davlatini barpo etishga huquqi borasidagi O'zbekistonning qat'iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni Qozon shahrida bo'lib o'tgan "BRIKS plyus" anjumanining yalpi majlisidagi nutqida ushbu muammoga to'xtalar ekan, jumladan shunday dedi: "Biz G'azo va Livandagi misli ko'rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og'riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo'lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – "ikki xalq uchun ikki davlat" tamoyili asosida mojaroni tinch yo'l bilan hal qilish bo'lib qolmoqda".

Davlatimiz rahbari, shuningdek, bugungi kunda o't ochishni zudlik bilan to'xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko'rsatish kechiktirib bo'lmaydigan vazifalar ekani ta'kidladi.

Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkilotining shu yil 6 iyul kuni bo'lib o'tgan oliy darajadagi sammiti O'zbekistonning ushbu muammo bo'yicha aniq fikri yana bir karra tasdiqlandi. Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta'minlashning eng asosiy sharti ekanligi alohida urg'ulandi.

6-noyabr kuni Bishkek shahrida o'tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ham Yaqin Sharq muammosi muhokamalarning asosiy mavzusi bo'ldi. O'zbekiston Prezidenti mazkur sammitdagi tahliliy nutqida Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini alohida ta'kidladi. Qayd etilganidek, yetakchi davlatlar o'rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o'choqlari ko'payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.

"Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalardagi qo'shma reja va katta loyihalarga jiddiy to'siq bo'lmoqda", dedi O'zbekiston Prezidenti.

Shu ma'noda, siyosat va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, tashkilotga a'zo mamlakatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo'yicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.

Bu o'rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G'azo sektori va Livandagi misli ko'rilmagan gumanitar fojia, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo'layotgani alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo'yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlar qoralandi.

Mazkur ko'p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me'yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo'lgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekani ta'kidlandi.

O'zbekiston Prezidenti keyingi hafta Ar-Riyoz shahrida o'tadigan arab-islom davlatlari sammitida bu muammoga konstruktiv siyosiy yechim topilishiga umid bildirdi.

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 31-oktabr kuni o'tkazgan yig'ilishda G'azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko'rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini ma'lum qilgandi edi.

"Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat'iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o'z mustaqil davlatini barpo etishga bo'lgan huquqini qo'llab-quvvatlaymiz", — degan edi O'zbekiston yetakchisi.

2023-yil 1-noyabr kuni esa "Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo'yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga gumanitar yordam ajratish to'g'risida"gi qaror qabul qilindi.

Qaror bilan, falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo'yicha BMTning Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) tomonidan olib borilayotgan Falastin xalqi uchun gumanitar yordam ko'rsatish tadbirlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida Agentlikka gumanitar yordam ko'rsatish uchun 1,5 million AQSh dollari ajratildi.

Xulosa o'rnida ta'kidlab o'tish kerakki, davlatimiz rahbarining Arab-islom qo'shma sammitida ishtirok etishi dunyoda kechayotgan global chaqiriqlarni muvaffaqiyatli hal etish, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, xalqaro munosabatlardagi zamonaviy murakkab jarayonlarning kelgusi rivojini chuqur anglash, shu bilan birga, xalqaro masalalarni hal etishda chinakam xohish va intilish namoyon ekanligidan darak beradi.

Manba: Dunyo AA

Izoh qoldirish