25

Indoneziya Shimoliy Sumatra provinsiyasi Ulamolar Kengashi delegatsiyasi Akademiyada

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Indoneziya Shimoliy Sumatra provinsiyasi Ulamolar Kengashi rahbari Maratua Simanjuntak boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif munosabati bilan Akademiya rahbariyati va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

Dastlab mehmonlarga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni qayd etganini taʼkidlandi.

Oʻz navbatida Indoneziya Shimoliy Sumatra provinsiyasi Ulamolar Kengashi delegatsiyasi rahbari Maratua Simanjuntak samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini e’tirof etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Indoneziya ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

2018-yil 12-mayda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Indoneziyaning Sulton Sharif Qosim RIAU davlat islom universiteti bilan, 2018-yil 24-iyulda esa Jakarta Sahid universiteti Anglashuv memorandumlarini imzolagan.

2018-yil 13-dekabrda Akademiyaga Indoneziyaning 5 kishidan iborat delegatsiyasi tashrif buyurib, Sahid universiteti bilan akademiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar olib borilgan.

2019-yil 27-fevralda Indoneziyaning “Istiqlol” muzeyi tadqiqotchi xodimi Ali Akbar Akademiya hududida joylashgan ziyoratgohlarni ziyorat qilish, shu bilan birgalikda Akademiya faoliyati va taʼlim jarayonlari bilan tanishish maqsadida tashrif buyurgan.

2019-yil 8-oktabrda Sulton Sharif Qosim islom universiteti “Shariat va huquq” fakulteti oʻqituvchilari dr. Ismardi Ilyas, Kamiruddin M.Ag, Afrizal Ahmad Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari va doktorantlari uchun Oʻzbekistonda oila huquqi sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar toʻgʻrisida davra suhbati oʻtkazish uchun Akademiyaga tashrifi amalga oshirilgan.

2021-yilning 6-may kuni Indoneziyaning Paramadina universiteti talabalari uchun Akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan “Buyuk oʻzbek olimlarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” hamda “Abu-Rayxon Beruniyning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni” mavzusida onlayn maʼruzalar tashkil etildi.

2022-yil 21-may kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 16-20-may kunlari oʻtkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Indoneziya xalqaro islom universiteti professori Amin Abdulloh va Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho bilan uchrashuv tashkil etildi.

2023-yil aprel oyida Sahid universitetida Akademiyaning ziyorat turizmi kafedrasi (markazi)ni tashkil etish boʻyicha hamkorlik kelishuvi loyihasi ishlab chiqildi hamda uni OʻzR Tashqi ishlar vazirligi orqali indoneziyaliklar tomoniga yuborildi.

2023-yil 10-may kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillari va Oʻzbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi vakili Muzaffar Abduazimov bilan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda Indoneziyaning turistik salohiyati, hamkorlikda Oʻzbekistonda Ziyorat turizmini rivojlantirish, talaba-yoshlar uchun ikki tomonlama yozgi maktablar (Summer school) loyihalarini joriy etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi.

Akademiya vakillari ishtirokida 2023-yil avgust oyida Singapur – Malayziya – Indoneziya mamlakatlaridagi yozgi maktab safari tashkil etilgan. Mazkur safar doirasida Indoneziya Ulamolar kengashi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazilgan edi. Oradan bir oy o‘tib, Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi Amirshox Tambunan boshchiligidagi delegatsiya Akademiyaga tashrif buyurgan edi. 

Uchrashuv davomida respublikaning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbatlashildi.

Muloqotda Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi. 

Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritildi. 

Shundan so‘ng Indoneziya al-Vasliya Medan universiteti rektori, professor Muhammad Jamil “Ekstremizmga qarshi kurash va moʻtadillik qadriyatlarini targʻib qilishda ilmiy muassasalarning oʻrni. Islomning sivilizatsiya oʻlchovi: Indoneziya va Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida hamda Akademiya dotsenti Durbek Rahimjonov “Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar” mavzusida ma’ruza qildilar. 

Uchrashuv yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish