10

Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizami Akademiyada mehmon bo‘ldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizami O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘ldi.

Nufuzli mehmonni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kutib oldi. Akademiya rektori taniqli olim bilan yuzma-yuz uchrashib turganidan mamnun ekanini bildirdi.

Uchrashuvda Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Ilyos Mirziyotov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor o‘rinbosari Aziz Tajiyev, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyorov, Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘zbek Abdullajonov ishtirok etdi.

Muloqot davomida Uyg‘un G‘afurov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni qayd etganini taʼkidladi.

Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida Farhan Nizami 2023-yil aprel oyida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oksford islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida imzolangan Memorandum natijasida hamkorlik aloqalari yanada rivoj topayotganini e’tirof etdi.

Markaz hamda Akademiya o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik hamkorlik aloqalari muhokama etildi. Yozgi maktablar tashkil etish, islomshunoslik, manbashunoslik bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, Akademiya tadqiqotchilariga ilmiy taqrizchi bo‘lish, doktorantlarni ilmiy tadqiqot olib borishi uchun Markazga yuborish kabi masalalar haqida so‘z bordi.

O‘z navbatida Farhan Nizami islom moliyasi, iqtisodi yo‘nalishi diqqat markazida ekani, bu borada hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Tashrif yakunida Uyg‘un G‘afurov nufuzli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirar ekan, janobni yana bir bor O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirdi.

O‘z navbatida Farhan Nizami janoblari ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iltifotdan xursand ekanini e’tirof etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish