Akademiyada Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iy ishtirokida ilmiy-ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga islom olamining yirik olimlarining tashrifi davom etmoqda. Akademiyada Butunjahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi, Doxa dinlararo muloqot markazi raisi, Qatar universiteti Shariat va islomshunoslik fakulteti professori Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iy mehmon bo‘ldi.
Tashrif davomida taniqli olim hamda Akademiya rahbariyati va doktorantlari o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazildi.
Taniqli olimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, soha prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev, professor-o‘qituvchilar hamda Akademiya vakillari kutib oldi.
Tashrif avvalida “Manbalar xazinasi” boʻlimida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlar bilan tanishdi.
Shayx Ali Qoradog‘iy “Islom shariati hamda fuqarolik qonunchiligida rozilik asoslari” doktorlik ishida sakkizta fiqhiy mazhab, shuningdek rim, ingliz, fransuz, misr va iroq qonunchiliklari tadqiq etilgan. “Al-Azhar” universiteti olimning mazkur ishini yuqori baholab, uni dunyoning bir necha tillarida chop etishni tavsiya qilgan.
Olimning moliya, iqtisod, islom fiqhi kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq kitoblari, 100 dan ortiq tadqiqotlari mavjud. “Islom banklarining fiqhi”, “Islom sug‘urtasi (takoful)”, “Moliyaviy huquqlar hamda ularning amaliy tadbiqlari”, “Jahon moliyaviy inqirozi: sabablari, oqibatlari – Islom iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan yechimlari”, “Biz va boshqalar: Qur’on, sunnat va muvozanat qonunlari nuqtayi nazaridan, tinchlik, urush, ozchilik va ko‘pchilik holatidagi musulmonning boshqalar bilan bo‘lgan munosabati bayoniga asoslangan tadqiqotlar”, “Zakotga doir zamonaviy fiqhiy masalalar”, “Zamonaviy tibbiy masalalar fiqhi”, “Islom iqtisodiyoti”, “Zamonaviy fiqhiy munosabatlar”, Imom G‘azzoliyning “Vasit” va “Ey farzand” asarlari tadqiqi va sharhi shular jumlasidan.
Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov ilm-u urfon yo‘lida sharafli faoliyat olib borayotgan mehmonni tashrifi uchun minnatdorlik bildirdi.
Muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Akademiya davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.
O‘z navbatida Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iy mehmondo‘st va ulug‘ allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga tashrifidan mamnunligini, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib, ajdodlariga munosib avlodlar yetishishiga zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Kuni kecha o‘tkazilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tom ma’noda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berishda katta muloqot maydoni bo‘lganini e’tirof etdi.
Samimiy davra suhbati davomida hurmatli olim tomonidan islom shariati, moliya, iqtisod, islom fiqhi kabi yo‘nalishlardagi tadqiqotlari, bo‘lajak olimlarga ilm yo‘lida kerak bo‘ladigan hayotiy maslahatlar haqida so‘z yuritildi.
Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish