Islom olamining taniqli ulamolari Akademiyaga tashrif buyurdi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti doktori, zamonamizning ulug‘ muhaddislaridan biri Shayx Muhammad Avvoma, Ibn Xaldun universiteti “Dorul hadis al-Avvomiya” markazi raisi Muhyiddin Avvoma hamda Anqaradagi Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmez tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Roʻziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, professor-oʻqituvchilar, doktorant va talabalar ishtirok etdi.
Zamonamiz muhaddislaridan biri – Shayx Muhammad Avvoma aqida, fiqh, usul, arab tili va tarojim kabi ilmlarni jamlagan yetuk olimlardan sanaladi. Asosiy ilmiy faoliyati esa, hadis ilmlari bilan bogʻliq. Qoʻlyozmalar tahqiqi bilan ham Islom dunyosida mashhur.
Fazilatli shayx, alloma Muhammad Saʼid Tantoviy u kishining ustozlari tabaqasidan sanalsa-da, Muhammad Avvoma haqida: “Yer yuzida tahqiq ilmini u kishidan yaxshiroq biladigan odamni bilmayman”, deb eʼtirof etgan.
Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning koʻplab kitob, risola va tahqiq ishlari chop etilgan. Olimning “Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning oʻrni” nomli kitobi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Qolaversa, bu kitob dunyoning bir necha tillariga ham tarjima qilingan va qator taʼlim muassasalarida darslik sifatida oʻqitiladi.
Anqaradagi Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmezning “Hadis ilmining asosiy masalalari”, “Qalb davosi”, “Gʻazzoliy asarlarida Sunnat va Hadis hamda ularning sharhlari”, “Sunnat va hadisning haqiqiy qiymati”, “Sunnat va hadislarni tushunish va sharhlashda metodologiya muammosi” va boshqa koʻplab asarlari nashr etilgan.
Uchrashuv avvalida Shayx Muhammad Avvoma Akademiyaga taklif etilgani uchun muassasa rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
– Har bir musulmon uchun bu ulugʻ yurtga kelish katta sharafdir, – dedi Shayx Muhammad Avvoma. – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabi ulugʻ olimlarning ilmlari nur va ziyo kabidir. Ularda ilm va solih amallar jam boʻlganini koʻrish mumkin.
Shuningdek, taniqlu ulamo islomdagi toʻgʻri yoʻl deyilganda ilm va amal yoʻli tushunilishini bildirdu. Ilm aslida insonga Alloh tomonidan berilgan gavhardek hadya boʻlib, u juda nozikligi uchun ilmga ehtiyotkor munosabatda boʻlish zarurligini qoʻshimcha qildi. Agar inson ilmdan ayrilsa, bu gavhardan ham ayrilishini aytib oʻtdi.
Hadis ilmining ahamiyati haqida gapirib, musulmonlar ularni oʻrganib yaqinlariga yetkazishi nur taratish bilan barobar ekanini, ilm inson katta masʼuliyat ekanini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, inson doimo ixlos bilan ilm olishga intilishi lozimligini bildirdi. Negaki, ilmning chegarasi yoʻqdir. Ammo har qanday ilmni olishga maqsad bilan kirishib, uni olishga alohida eʼtibor berish zarurligini taʼkidladi. Tarixda aynan shu yoʻlni tutganlar islom dunyosidagi ulugʻ olimlar boʻlib yetishganlarini hamda ilmni rivojlantirishga oʻz hissalarini qoʻshganlarini aytib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Mehmet Goʻrmez soʻz olib, yuqoridagi mavzuga doir oʻz fikrlarini bildirdi. Xususan, hadislardan misollar keltirib, ularda ilmning ahamiyati va olimlarga boʻlgan ehtirom haqida koʻplab maʼlumotlar kelganini aytdi. Kuni kecha Termiz shahrida oʻtgan xalqaro konferensiyada ham ikki Termiziy olim ilmiy merosi, shuningdek hadis va tasavvuf maktablari haqida maʼruza qilganini qoʻshimcha qildi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Izoh qoldirish