1

Akademiya vakillari Istanbul universitetida stajirovka o‘tamoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Odil Ernazarov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi dotsenti Nilufar Botirova hamda “Turizm (ziyorat turizmi)” ta’lim yo‘nalishi talabalaridan iborat delegatsiya Istanbul universitetida qisqa muddatli stajirovka dasturidagi ishtirokini boshladi.

Stajirovka dasturiga ko‘ra, dastlab Istanbul universiteti Ilohiyot fakulteti dekanining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ahmet Koch bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda Ahmet Koch Akademiya vakillarini tashrif uchun qutlab, ikki ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi. 

O‘z navbatida, Ilohiyot fakulteti professor-o‘qituvchilariga Akademiya faoliyat yo‘nalishlari, dinshunoslik, islomshunoslik va ziyorat turizmi sohalari doirasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv dasturlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng Ilohiyot fakultetida xalqaro masalalar bo‘yicha dekan maslahatchisi Merva O‘zaykul bilan uchrashib, stajirovka dasturi rejasi, Akademiya vakillarining ma’ruza mashg‘ulotlari olib boradigan va tinglovchi sifatida ishtirok etadigan dars mashg‘ulotlari xususida kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Istanbul universiteti dunyodagi nufuzli ta’lim muassasalari orasida TOP-1000 talikdan joy olgan bo‘lib, tarixi va mashhurligi bo‘yicha Turkiya Respublikasidagi o‘nta eng yetakchi davlat universitetlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Istanbul universiteti o‘rtasidagi anglashuv memorandumi asosida ilmiy va o‘quv sohalaridagi hamkorlik muntazam davom etib kelmoqda. 

Izoh qoldirish