52

Misr bosh muftiysi Akademiyada mehmon bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya doirasida Misr Arab Respublikasi muftiysi, Butundunyo fatvo kengashlari va idoralari Bosh kotibiyati rahbari, doktor Nazir Muhammad Ayyad tashrif buyurdi.

Hurmatli mehmonni rektor Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev hamda Akademiya vakillari kutib oldi.

Dastlab mehmonga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Akademiya rektori so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati sababli dunyoning barcha mamlakatlari qatori Misr Arab Respublikasi bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdi. Bu esa tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta’kidladi. 

Uyg‘un G‘afurov Akademiya Respublika oliy taʼlim muassasalari milliy reytingida oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha 2-oʻrin va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining ilmiy salohiyati boʻyicha 1-oʻrinni qayd etganini taʼkidladi.

O‘z navbatida Nazir Muhammad Ayyad samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli anjuman yuqori darajada o‘tayotganini e’tirof etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor ekanini e’tirof etdi.

Shuningdek, Akademiyada faqat diniy bilimlar berilishini o‘ylagani, ammo islom iqtisodiyoti, turizm, filologiya kabi yuqori darajadagi yo‘nalishlar borligini e’tirof etdi.

Nazir Muhammad Ayyad Imom Moturidiy ilmiy faoliyati bilan ko‘proq shug‘ullanganini ta’kidlar ekan, bu yerda ham shunday markaz borligidan quvonganini qayd etdi. 

– Qo‘lyozmalarni tadqiq etish bilan shug‘ullangaman, - dedi Nazir Muhammad Ayyad. – Akademiyaning “Manbalar xazinasi” bo‘limida saqlanayotgan nodir manbalarni Misrdagi qo‘lyozmalar markazi bilan birgalikda o‘rganish, tadqiq etish, nashr etish masalasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish