65

Muhammad Taqiy Usmoniy

Zamonamizning mujtahid olimlaridan biri Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh 1943-yil Hindistonning Saharonpur shahridagi Devband qishlogʻida dunyoga keldi. Mashhur naqlga koʻra, bu oilaning nasabi uchinchi xalifa Hazrat Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga borib yetadi.

Muhammad Taqiy Usmoniy dastlabki ilmlarini ota-onasidan olgan. Muhammad Taqiy Usmoniyning yuksak ilm choʻqqilarini egallashida otasi Muhammad Shafi rahimahullohning ulkan hissasi bor.

Muhammad Taqiy Usmoniy taʼlimni sakkiz yoshida otasi Muhammad Shafi Karachida qurdirgan “Dorul ulum” madrasasida boshladi. Bu yerda tafsir, hadis, kalom, fiqh, faroiz kabi klassik Islom ilmlarini yana arab tili va adabiyotini oʻqidi. Oʻn olti yoshida ushbu taʼlim dargohini imtiyozli shahodat bilan tamomlagan birinchi bitiruvchilardan boʻldi.

Muhammad Taqiy Usmoniy 1964-yilda Karachi universitetining “Huquq, iqtisod, siyosat”, 1967-yilda shu oliygohning “Huquq”, 1970-yilda Panjob universitetining “Arab adabiyoti” boʻyicha oliy diplomini qoʻlga kiritdi.

Taqiy Usmoniy Islom iqtisodi boʻyicha dunyoning eng yetuk mutaxassisi sanaladi. Islomiy bank sohasiga doir bir qancha tashkilotlar aʼzosidir. Xususan, Pokiston Islom iqtisodiyoti raisi, Jidda shahridagi Saudiya-Amerika Bankining sharʼiy hayʼati raisi, Nyu-York Islom Kengashining sharʼiy qoʻmitasi raisi, Bahrayn City bankining sharʼiy qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Bundan tashqari, “Swiss Re Takaful” (Shveytsariya), “Dow Jones Index” (Nyu-York), “Commission for Islamisation of Economy of Pakistan”, “Centre for Islamic Economics” (Pokiston), “HSBC Amanah Finance Dubai” kabi tashkilotlar aʼzosi hisoblanadi.

Hozirda Taqiy Usmoniy “Dorul ulum” universiteti rektori oʻrinbosari, shuningdek, Islom olami birligi tashkiloti qoshidagi Islom fiqhi akademiyasi, Yevropa fatvo va tadqiqot Qoʻmitasi va boshqa koʻplab tashkilotlarning raisi va aʼzosi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Taqiy Usmoniy taʼlif etgan kitoblar quyidagilardan iborat: Akasi qalamiga mansub tafsir “Maʼoriful Qurʼon”ga muqaddima; “Ulumul Qurʼon”; “Maʼoriful Qurʼon”ni inglizchaga tarjimasi; “Takmilatu fathil mulhim” (6 jild); “Darsut Termiziy” (Termiziy nomli universitetda oʻtgan maʼruzalari yigʻindisi boʻlib, jiyani Rashid Ashraf toʻplagan); “Buhus fiy qazoyo fiqhiyya muʼosira” (Unda oldi-sotdining barcha turi jamlagan); “Soʻyish hukmlari”; “Aql va shariat chegarasida naslni cheklash”; “Eʼtikof ahkomlari”; “Islom va zamonaviy iqtisod”; “Oilaviy muammolarimiz”; “Namozingizni sunnatga muvofiq oʻqing!”; “Fatvo usullari”; “Shariat mezonidagi taqlid”; “Hozirgi asrdagi ijtihod dasturi”; “Nasroniylik nima?”; “Muqaddas kitob nima?”; “Qadim ahddan Qurʼonga”; “Qarorot al-Qazoiyya”; “Yer mulkchiligi va uning chegarasi”; “Taʼlimdagi nizomimiz”; “Nizom dasturi qanday oʻrganiladi”; “Hozirgi zamonamizda shariat qanday tatbiq qilinadi?”; “Shariatni tatbiq qilish va uning masalalari”; “Islom va inson huquqlari”; “Tarix voqeʼligidagi Muoviya raziyallohu anhu”; “Otam va ustozim va u zotning zavqlari”; “Oʻtganlarni izlari”; “Kim Devband shayxi boʻlsa”; “Isloh vaʼzlari” va h.k.

Taqiy Usmoniy haqida shogirdi Luqmoni Hakim “Qozi, faqih, daʼvatchi va tadqiqotchi Taqiy Usmoniy” deb nomlangan kitob yozgan. Damashqdagi “Dorul qalam” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob 144 sahifadan iborat boʻlib, unda barcha shogirdlari, ustozlari, kitoblari xususida maʼlumotlar keltirilgan.

Muhammad Taqiy Usmoniy 2017-yildan beri “Dunyoning eng taniqli 500 musulmoni” roʻyxatida munosib oʻrin egallab keladi.

Manba: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish