Ustozga ehtirom
Ilm mashaqqatli, zahmatli yoʻldirki, u tinimsiz mehnat, izlanish talab etadi. Tinimsiz izlanish yoʻlidagi mehnat esa oʻz egasiga sharaf keltiradi, insonlar ichra aziz-u mukarram qiladi. Shunday qadr topgan insonni xalq olim-u fozil, irfon sohibi, deya alqaydi. Ular jamiyat maʼnaviy hayotining asosiy ustunlaridir. Ularning borligi jamiyat taraqqiyoti, inson kamoloti uchun muhim mezon vazifasini oʻtaydi.
Bu xususida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ilm-fan bilan shugʻullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va ragʻbatga munosib”, degan edilar.
Darhaqiqat, olimlarni qadrlash, eʼzozlash jamiyat maʼnaviy yuksalishining oliy koʻrinishidir. Bugungi kunda ilm-u urfon ulashib kelayotgan olimlar, ziyolilar talaygina. Ular bilimi, maʼrifati bilan yosh avlod tarbiyasiga, maʼnaviy kamolotiga hissa qoʻshish barobarida fan, ilm yoʻlida samarali mehnat qilib, munosib shogirdlar yetishtirib kelmoqdalar. Jamiyatda ana shunday qadr, eʼzoz topgan zabardast olimlardan biri Ahadjon Hasanovdir.
Manbashunos, islomshunos, tarixchi olim Ahadjon Hasanovning mazmunli umri ilm-u maʼrifat, ziyo ulashishga asoslangan, deyish mumkin. Chunonchi, olim tadqiqotlarining asosida islom tarixi, uni ilmiy oʻrganish va keng yoritish tashkil etadi. Ahadjon domla, islom tarixi bilimdoni boʻlibgina qolmay, balki shu soha boʻyicha yurtimizda ilk bor koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borgan yirik manbashunos olimdir. Ahadjon domlaning qator kitob, monografiya, risola va ilmiy maqolalari bugungi kunda islom tarixi boʻyicha tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar uchun muhim ilmiy manba vazifasini oʻtab kelmoqda. Inchunin, tarix, manbashunoslik, islomshunoslik sohasi boʻyicha tadqiqot olib borayotgan boʻlajak olimdan tortib, endi ilm yoʻliga qadam qoʻyayotgan izlanuvchi tolibi ilm ham Hasanov yaratgan asarlarga murojaat qilib, fan sohasiga doir qimmatli maʼlumotlarni oladi. Ayniqsa, islom tarixi boʻyicha yaratilgan tadqiqotlarning aksariyatida olimning bevosita rahbarligi hamda ilmiy-amaliy maslahati yotadi, deyish mumkin. Yosh olimlar ham oʻz navbatida, ular yaratgan asarlardan tadqiqot ishlarida havolalar oladi va ilmiy isteʼfoda etadi.
Bugungi kunda olimning turli mavzulardagi yuzdan ortiq ilmiy nashrlari muhim tadqiqotlardan biri sifatida respublikadagi kitob javonlaridan joy olgan. Xususan, “Makka va Madina tarixi”, “Johiliya tarixi”, “Qadimgi Arabiston”, “Qadimgi Arabiston va ilk islom”, “Ilk islom jamiyati: diniylikdan dunyoviylikka oʻtish”, “Ilk islom tarixining zamonaviy talqini”, “Islom tarixi”, “Ilk islom tarixidan maʼruzalar”, “Islom ekstremizmi va vahhobiylik. Islom: Hanafiylik va vahhobiylik”, “Oʻzbekiston – anʼanaviy diniy bagʻrikenglik oʻlkasi” kabi kitob, darslik, qoʻllanma va monografiyalari hamda “Mamluklar kimlar?” “Qadimgi Arabistonga doir” “Toshkentdagi Usmon musʼhafi haqida”, “Islom olami va ijtimoiy hayot”, “Sohibqiron va Misr sultonlari”, “Ibn Xaldun. Sulton Amur Temur ila uchrashuv”, “Istiqlol va islom”, “Imon eʼtiqod nuri”, “Bir tarixiy uchrashuv xususida (Amir Temur va Ibn Xaldun muloqotlariga doir)”, “Ibn Xaldun maktub yoʻllab...”, “Shohrux Mirzo va Misr sultonlari” va boshqa dolzarb mavzulardagi ilmiy tadqiqotlari shular jumlasidandir. Bu kabi koʻplab tadqiqotlar Ahadjon Hasanovni keng qamrovli zabardast olim ekanini koʻrsatadi.
Fidoyi olim Ahadjon Hasanov umrini ilmga, sermahsul ilmiy ijodga bagʻishladi. Ayniqsa, yurtimizda ilmiy salohiyatli yetuk kadrlarni tarbiyalashda, shuningdek, koʻplab fan doktorlari, tarixchi olimlar va shu sohaning malakali mutaxassislarini yetishtirishda jonbozlik koʻrsatdi. Ahadjon domla oʻz ilmiy maktabiga ega boʻlgan yirik sharqshunos, tarixchi olim hisoblanadi. Ular ilmiy maktabida tarbiya topgan shogirdlar hayotda munosib oʻrin topib, davlatimizning turli tashkilot va muassasalarida faoliyat yuritib, jamiyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Ahadjon Hasanov kamtarin, samimiy, bagʻrikeng va ilm yoʻlida jonkuyar, fidoiy olimdir. Ular yaratgan ilmiy maktab – kamtarlik, ilm yoʻlida fidoyilik hamda insonlarga maʼrifat, ziyo ulashish asosiga qurilgan.
Darhaqiqat, Ahadjon Hasanov singari fidoyi ustozlar jamiyatimizda talaygina. Bugun, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Nurislom Toʻxliyev, Zohidjon Islomov, Abdulhay Abdullayev, Omonulla Musayev, Saidakbar Agzamxoʻjayev singari oʻz ilmiy maktabiga ega fidoyi, jonkuyar ustozlarning faoliyat olib borishi biz yoshlarga faxr tuygʻusini beradi. Ularning ilm-u urfon, jamiyat maʼrifiy rivoji yoʻlidagi fidokorona mehnatlari har qancha eʼtirof-u tahsinga sazovordir. Albatta, maʼrifat, ziyo asosiga qurilgan bu ilmiy maktablar yana uzoq yillar jamiyat maʼnaviy rivojiga, barkamol avlod tarbiyasiga hamda bilimga oshufta insonlar ongu shuuriga ilm-u urfon nurlarini jo qilishga xizmat qilaveradi.
Qadrli ustozlar, ilm ziyosi ila qalblarni munavvar qilishdek xayrli, ezgu faoliyatingizda zafarlar tilaymiz.
Lola Azimova,
Oʻzbekiston xalqaro akademiyasi katta oʻqituvchisi
Izoh qoldirish