Termiziylar merosi jahon olimlari nigohida
Konferensiya
Surxondaryo zaminidan islom ilmi va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk muhaddislar, mutasavvuflar, ijodkorlar yetishib chiqqan. Islom ilmlari taraqqiy etishida, ayniqsa, Termiz shahri alohida oʻringa ega boʻlgan. Bu diyordan Termiziy taxallusi bilan ijod qilgan 200 dan ziyod alloma yetishib chiqqani fikrimizga dalildir. Ular hadis, fiqh, tilshunoslik, sheʼriyat, tarix va tasavvuf kabi yoʻnalishlarda asarlar yaratgan. Chunonchi, Hakim Termiziyning ilmiy qarashlari musulmon olamida hozirgi kunda ham yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlayotgan boʻlsa, Imom Termiziy hadis ilmidagi noyob asarlardan hisoblangan “Sunani Termiziy” orqali ilm-fan rivojiga bebaho hissa qoʻshdi.
Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, hadis ilmi dargʻalaridan biri, buyuk vatandoshimiz Imom Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, ushbu yoʻnalishdagi tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash, yosh avlodning ruhiy va maʼnaviy olamini boyitish, iymon-eʼtiqodini mustahkamlash, ularning qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Islom dinining asl mazmun-mohiyatini koʻrsatib berishda, dinlararo va millatlararo bagʻrikenglik, doʻstlik, ijtimoiy hamkorlik, oʻzaro hurmat va hamfikrlilik qadriyatlarini, islom tamadduniga bebaho hissa qoʻshgan Imom Termiziyning ilmiy-maʼnaviy merosini yoshlar orasida keng targʻib qilishda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi asosiy tayanch dargohga aylanib bormoqda.
Markazda oʻtgan qisqa fursat ichida Imom Termiziyning bagʻrikenglik, tinchlik va moʻtadillik gʻoyalarini oʻzida jamlagan bebaho asarlarini tarjima va tahqiq qilish, keng xalq ommasi uchun moʻljallangan risolalar tayyorlash borasida salmoqli ishlar bajarildi.
Imom Termiziy merosini oʻrganishda Prezidentimizning “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori muhim tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Ushbu qaror asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Surxondaryo viloyati hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz davlat universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Termiziy allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosi: oʻtmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Tadbirda mamlakatimizning qator taniqli olim va tadqiqotchilari ishtirok etdi. Termizda bu kabi anjumanni oʻtkazishdan asosiy maqsad dunyo ilmiy jamoatchiligini yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada kechayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, ziyorat turizmi borasidagi ulkan imkoniyatlarini namoyish qilish, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa ulugʻ ajdodlarimizning hadis, tafsir, fiqh, falsafa kabi ilmlar rivojiga qoʻshgan hissasi borasida oʻzaro tajriba almashishdan iborat.
Shuningdek, konferensiyada “Xoja Abdulloh Ansoriyning “Tabaqotus sufiya” asarida Varroq Termiziy zikri”, “Hakim Termiziyning “Al amsol minal kitob vas sunna” asari — muhim manba”, “Hakim Termiziy hayotini oʻrganishda “Budv shaʼn” asari muhim avtobiografik manba”, “Muhammad Hakim Termiziyning islom manbalari sharhiga oid asarlari”, “Hakim Termiziyning falsafiy qarashlari” mavzusidagi maʼruzalar tinglandi.
Tadbirda Imom Termiziyning “Sunan” asarining hanafiylik yoʻnalishidagi oʻn jildli sharhi oʻzbek tiliga izohli akademik tarjima qilinishi, ayni vaqtda dastlabki besh jildi nashr etilgani taʼkidlandi.
Umuman olganda, bugungi kunda termiziy allomalarning durdona asarlarini xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylantirish, ularni oʻrganishga qaratilgan konferensiya va ilmiy anjumanlarning son va sifatini oshirish yosh avlodning turli adashgan oqimlar taʼsiriga tushib qolishi oldini olishga, jamiyatda bagʻrikenglik, tinchliksevarlik va birodarlik gʻoyalari qaror topishida muhim maʼnaviy asos vazifasini bajaradi.
Sarvar Saidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil, 20-sentabr, 192-son
Izoh qoldirish