76

Yoshlar – ertamiz egalari, kelajagimiz bunyodkorlaridir

Keyingi yillarda olib borilgan islohotlar samarasi natijasida mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratildi. Bilimli, keng dunyoqarashga ega vatanparvar yigit-qizlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.

Ertamiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish, yutuqlarini e’tirof etib, muammolarini bartaraf etish dolzarb vazifa sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida muntazam tarzda Akademiya rahbariyati va yoshlar o‘rtasida muloqotlar o‘tkazib kelinadi. 

Bugun o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” mavzusidagi navbatdagi uchrashuvda Akademiyaning 1-bosqich talabalari qatnashdi.

“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, soha prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvni Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi.

Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar barchamizdan yoshlar tarbiyasiga yanada e’tiborli bo‘lishni talab etishi, internet va boshqa tashqi omillar ta’siri orqali kirib kelayotgan zararli g‘oya va illatlardan himoyalanish tobora dolzarb masalaga aylanayotgani haqida so‘z yuritildi.

Bu kabi vaziyatda o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ota-onalar yanada hushyor va ogoh bo‘lishi, yosh avlodning g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishi talab etilishini ta’kidladi.

Tadbir davomida Akademiya rektori talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, mas’ullar tomonidan bu boradagi mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda rektor talabalarning muammo va masalalar yuzasidan erkin fikrlari, taklif va tashabbuslarini tingladi. Bu borada ularga qancha yordam, ko‘mak zarur bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanini bildirdi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qilishdi. 

Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish