Akademiyada “Ota-onalar kongressi” o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalarning ota-onalari hamda Akademiya rahbariyati o‘rtasida “Ota-onalar kongressi” nomi ostida ochiq muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazilishi an’ana tusiga kirgan.
Bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – har bir yosh davlatimizning e’tibor va g‘amxo‘rligi ostida ekanini ko‘rsatish, ba’zi yoshlarni qiynab turgan muammolarni “oliy ta’lim muassasasi va oila” hamkorligi orqali bartaraf etishdan iborat.
“Ota-onalar kongressi” kecha Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti tomonidan o‘tkazilgan bo‘lsa, bugungi tadbir Islomshunoslik fakulteti talabalarining ota-onalari uchun tashkil etildi.
“Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” doirasidagi muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
“Ota-onalar kongressi”ni Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov ochib berdi. Akademiya rektori keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratdi.
Muloqot davomida soha prorektorlari so‘zga chiqib, to‘lov-kontrakt, yotoqxona masalasi, bu yilgi o‘quv yilidagi yangiliklar, Akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritdilar.
Mas’ullar tomonidan talabalarning tarbiyasi, xulqi-odobi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ota-onalar ham so‘z olib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning taklif-mulohazalari tinglandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish