25

Ekstremizm va terrorizm – insoniyatga tahdid

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” shiori ostida “Mustaqillik darslari” bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur darslar doirasida Akademiya professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari tomonidan dolzarb mavzulardagi davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, Toshkent shahrining madaniy maskanlariga tashriflar tashkil etilmoqda. 

Bugun ana shunday tadbirlarning davomi sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev tomonidan “Ekstremizm va terrorizm – insoniyatga tahdid” mavzusida ma’ruza darsi o‘tkazildi.

Rektor maslahatchisi tomonidan ekstremizm va terrorizmning kelib chiqishi sabablari, buzg‘unchi oqimlarning maqsad-muddaolari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazibgina qolmay, balki xalqaro maydondagi muammolarni, jumladan, turli e’tiqod vakillari bo‘lgan xalqlar orasidagi o‘zaro ishonchga soya solayotgani ta’kidlandi.

Ma’lumki, ekstremizm – jamiyat uchun anʼanaviy boʻlgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid boʻlgan gʻoyalarni aldov va zoʻrlik bilan targʻib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi. 

Ekstremizm va terrorizm bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan yagona jarayonning birin-ketin rivojlanadigan bosqichlaridir.

Ayni paytda dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri tushuncha berish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish