30

Yangi o‘quv yili – yangi bilim va yuksak maqsadlar muqaddimasi

Hash-pash deguncha, yoz fasli yakuniga yetib, oltin kuz kirib keldi. Ushbu fasl biz uchun nafaqat O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni, balki yurtimiz ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ham ahamiyatlidir. Yuragida orzu-umidlari osmon qadar bo‘lgan yoshlar uchun bilim olish, yangi marra va cho‘qqilar sari eltuvchi katta yo‘lning muqaddimasidir.

Bugun yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari Olimjon Soliyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda ota-onalar ishtirok etdilar. 

Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya sadolaridan so‘ng Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda 2024/2025-o‘quv yili bilan tabrikladi. 

Akademiya rektori o‘z tabrigida so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. Yoshlarni oliy ta’limga qamrovini oshirib borish, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil siyosat olib borilayotgani, bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizdagi eng nufuzli va sharafli o‘quv muassasasi hisoblanishini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida jamiyat rivojiga hissasini qo‘shadigan, o‘z sohasining malakali mutaxassislarini kamolga yetkazish ustuvor vazifa sanaladi. 

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari Olimjon Soliyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plab, Akademiya talabasi bo‘lgan Muslimaxon O‘rinboyevaning otasi Baxtiyorjon O‘rinboyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni qo‘shaloq bayram bilan muborakbod etdilar.

Shuningdek, marosimda Akademiyaga yuqori ball to‘plab, o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Marosim yakunida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov yangi o‘quv yili bilan barchani muborakbod etdi.

Tantanali marosim auditoriyalardagi “Mustaqillik darsi” bilan davom etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish