21

O‘zXIA – BIA: o‘zaro tashriflar hamkorlik aloqalarida yangi davrni boshlaydi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or islom akademiyasi rektori Farxat Xusnutdinov mehmon bo‘ldi. 

Hurmatli mehmonni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Farxat Xusnutdinovni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov Bulg‘or islom akademiyasiga tashrif buyurgan edi. 

Muassasa rektori Farxat Xusnutdinov bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda o‘zaro ilmiy, ta’limiy aloqalarni yanada rivojlantirish, tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilingan edi.

Navbatdagi tashrif ana shu hamkorlik aloqalarida yangi davrni boshlab berishi shubhasiz. Ma’lumot uchun, 2019-yil O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Bulg‘or islom akademiyasi o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolangan.

Akademiya rektori muloqot avvalida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida hassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

Uchrashuv davomida respublikaning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki muassasa o‘rtasidagi  hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha so‘z bordi.

Muloqotda Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi. 

Bulg‘or islom akademiyasi rektori Farxat Xusnutdinov ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash kerakligini qayd etdi. Ta’lim sohasida tomonlar o‘rtasidagi akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yilishi, uning doirasida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalarni almashinuvi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda islom ilmlarini chuqur o‘rganish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi va Bulg‘or islom akademiyasi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muzokaralar yakunida ikkala tomon ham ilmiy-ma’rifiy sohalarda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirishdi. 

Tashrif yakunida hurmatli mehmonga “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, “Book kafe”, Axborot-resurs markazi haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Samimiy muloqotdan so‘ng hurmatli mehmon uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida joylashgan ziyoratgohlar – Shayxontohur, Qaldirg‘ochbiy (To‘labiy), Yunusxon yodgorligi hamda “Qo‘lyozmalar fondi”ga ekskursiya uyushtirildi. 

Ekskursiya davomida madaniy obidalarning tarixi va qayta tiklanish jarayoni haqida ma’lumotlar berildi.

Ma’lumki, To‘labiy Alibek o‘g‘li qozoq xalqining ulug‘ shaxslaridan biri. Yirik arbob, Qaldirg‘ochbiy deb ham ataladigan bu inson qozoq elining bosh qozilaridan hamda “Yetti nizom” qonunlar to‘plamining tuzuvchilaridan biri bo‘lgan. 

Mazkur maqbara yonida XIV asrda yashagan olim va so‘fiy, Ahmad Yassaviy ta’limotining davomchisi Shayx Xovandi Tohurning ziyoratgohi mavjud.

Ziyorat mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Tashrif yakunida Bulg‘or islom akademiyasi rektori Farxat Xusnutdinov yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish