76

Ta’limdagi islohotlar Uchinchi Renessans poydevorini qurishga xizmat qiladi

Bugun axborot va yangi texnologiyalarning kuchli oqimi kun sayin ortib bormoqda. Shu asnoda insoniyatning ilmli bo‘lish darajasi ham o‘sib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, insoniyat jamg‘arib borayotgan bilimlar ko‘lami har 6-7 yilda ikki barobarga ko‘paymoqda. Ammo boshqa tomondan qaraydigan bo‘lsak, bunday keskin o‘sish mutaxassislarning olgan bilimlari “eskirishi”ga olib keladi.
 

Ekspertlarning tahliliga ko‘ra, har yili 15-20 foiz bilimlar amortizatsiyasini kuzatish mumkin. Mana shunday omillar ta’lim tizimini zamon bilan hamnafas olib borish, bozor iqtisodiyoti ehtiyojlaridan kelib chiqib, insonning butun umrini qamrab oluvchi uzluksiz ta’limni joriy etish g‘oyasini ilgari suradi. Hozirda amaliyotga tatbiq etilayotgan ta’limning yangi, zamonaviy konsepsiyasi yurtimizda azaldan targ‘ib qilingan “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan purma’no qoida bilan uyg‘undir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq uzluksiz ta’lim tizimining har bir bosqichida sifat ko‘rsatkichini yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu sa’y-harakatlar zamirida Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek buyuk vazifalar strategik maqsad qilib qo‘yilgan.

«O‘zbekiston – 2030» taraqqiyot strategiyasida ham birinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasiga qaratilgani mamlakatimizni rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish, yuqori salohiyatli kadrlar avlodini shakllantirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu ustuvor yo‘nalishda maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim tizimida «Ta’lim uchun qulay muhit» dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish talab etiladi. Shuningdek, professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish, oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish kerak. Oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirib, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, fundamental tadqiqotlarni zamon talablaridan kelib chiqib yangi yo‘nalishlar bilan boyitish, iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish zarur.

«Korxona – oliygoh – ilmiy tashkilot» klaster tizimini joriy etish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kasbiy ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish, yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish kabi dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Bugungi kun ta’lim tendensiyasi ham talabani o‘qitish emas, balki talaba o‘qishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish g‘oyasini ilgari surmoqda. Yangi ta’limda an’anaviy «ta’lim berish» paradigmasining o‘rnini «ta’lim olish» paradigmasi egallab bormoqda. Bunda talaba o‘qitilayotgan bilimning passiv iste’molchisi emas, balki olingan bilimlar asosida faniga oid har qanday masalada o‘z pozitsiyasiga ega, muammoni tahlil eta oladigan, muammoga tanqidiy yondosha oladigan va uning yechimlarini izlay oladigan bilimning faol ijodkoriga aylanadi.

Darhaqiqat, insonning miyasi shunday tuzilganki, u istamagan va kerakmas deb hisoblagan axborotni tezda unutish yoki qabul qilmaslik xususiyatiga ega. Shu sababli talabalar vaqtini behuda sarflamasdan, ularning o‘z tashabbuslari asosida qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda mutaxassisliklari doirasida o‘qib-izlanishlari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sohasida olib borilayotgan modernizatsiya ishlarining asosiy yo‘nalishi ta’limni tashkil etishning uzluksiz, bosqichma-bosqich tizimini joriy etish bilan bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan belgilangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrda e’lon qilingan “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarining 85 foizi 2030 yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda kredit-modul tizimi mamlakatimiz oliy ta’limga juda katta ijobiy xususiyatlarni olib kirmoqda. Jumladan, oliy ta’lim tizimiga ta’limning jahon tan olgan mukammal o‘lchov birligi joriy etilmoqda, OTMlar o‘quv dasturlarida muvozanat va me’yor paydo bo‘lmoqda, OTMlarda o‘qish jarayonining shaffofligi ta’minlanmoqda, o‘quv dasturlari iqtisodiyot, mehnat bozori va talabalar ehtiyojlari asosida shakllanmoqda, darslarning sifati yaxshilanmoqda, har bir talaba ma’lum ma’noda o‘zining mustaqil o‘quv dasturiga ega bo‘lmoqda.

Bu o‘zgarishlardan asosiy maqsad – jamiyat uchun foydali, kun sayin rivojlanayotgan mehnat bozorida raqobatbardosh yuqori malakali kadrlarni yetishtirib berishdir. Mazkur konsepsiyaga erishishning ustuvor yo‘nalishlaridan eng muhimlari qatorida professional ta’limning uzluksizligi, ta’lim sifatini oshirish, ta’lim tizimining investitsion jozibadorligini ta’minlash, sifatli ta’limni barchani birdek qamrab oladigan darajaga olib chiqishdan iboratdir.

Dilafruz Karimova, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, yuridik fanlar doktori
 

Manba: UzA

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish