76

Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar uchun imtihon o‘tkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining 2-kursiga suhbat asosida qabul qilish joriy etilgan edi.

Joriy yilda uchun roʻyxatdan oʻtkazish www.my.edu.uz platformasi orqali 5-iyuldan 25-iyulga qadar amalga oshirildi.

2024/2025-oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga kirish uchun jami 2 nafar talabgor roʻyxatdan oʻtdi. Ulardan 1 nafari “Turizm (ziyorat turizmi)”, yana 1 nafari “Yurisprudensiya (islom huquqi)” taʼlim yoʻnalishini tanlagan.

Bugun shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar bilan oʻqishga kirish boʻyicha suhbat jarayoni tashkil etildi.

Jarayonda har bir talabgor oʻzlari tanlagan taʼlim yoʻnalishiga mos keladigan soha boʻyicha suhbat savollari asosida sinovlarda ishtirok etishdi.

Imtihon jarayonlarini belgilangan tartib-qoidalar asosida, yuqori saviyada tashkil etish uchun, har bir yoʻnalish boʻyicha 2 ta alohida 10 nafardan iborat suhbat komissiyasi tashkil etildi. Ularning tarkibiga Din ishlari boʻyicha qoʻmita vakili, kadrlarning asosiy ish beruvchilari boʻlgan tashkilotlar va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalari vakillari hamda boshqa oliy taʼlim muassasasining tegishli soha boʻyicha professor-oʻqituvchilari jalb etildi.

Imtihon jarayonida shaffoflik taʼminlandi, ota-onalar ham hech qanday toʻsiqsiz oʻz farzandlarining sinovlarda ishtirokini kuzatib borishdi. 

Imtihondan soʻng har bir talabgorga olgan bahosi eʼlon qilindi. Unga koʻra, “Turizm (ziyorat turizmi)” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabgor 100 ballik tizim doirasida 38,7 ball, “Yurisprudensiya (islom huquqi)” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabgor 83,8 ball oldi. 

Talabgorlar suhbat jarayoni va baholash boʻyicha eʼtirozlari yoʻqligini maʼlum qildi.

Yuqorida qayd etilgan Nizomga binoan, talabgor 67 ball va undan yuqori ball olganda suhbatdan oʻtgan hisoblanadi. 

Suhbatdan oʻtgan talabgor tanlagan taʼlim yoʻnalishining 2-kursiga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Izoh qoldirish