79

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2023-2024-o‘quv yilida o‘quv-uslubiy yo‘nalishda amalga oshirilgan faoliyat natijalari

2023/2024-o‘quv yili uchun Ilmiy, o‘quv-uslubiy kengash rejasi va tarkibi, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning o‘quv-meyoriy hujjatlari (20 ta malaka talabi, 24 ta namunaviy o‘quv reja, 90 ta ishchi o‘quv reja va 769 ta fan dasturlari), professor-o‘qituvchilarining lavozim soatlari taqsimoti hamda fakultetlararo o‘quv smenasi, taqsimoti tasdiqlandi va amaliyotga joriy etildi. Kuzgi semestrda 113 ta hamda bahorgi semestrda 101 ta akademik guruhlar uchun dars jadvallari lms.iiau.uz va hemis platformasida tayyorlandi. 

Ilmiy, o‘quv-uslubiy kengash rejasiga muvofiq 10 ta yig‘ilish o‘tkazilib, yillik rejada belgilangan 83 ta masala muhokama qilindi va ijrosi ta’minlandi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning shaxsiy ish rejalari va 110 ballik mezon asosidagi faoliyatlari tahlil etildi hamda my.iiau.uz platformasiga ma’lumotlarni kiritilishi yuzasidan monitoring olib borildi.

Oraliq va yakuniy nazoratlarni belgilangan tartib asosida o‘tkazish va talabalar bilimini shaffof baholashni ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar va magistrlarning bilimini nazorat qilish va baholash tartibi” ishlab chiqildi va Akademiya Kengashining 2023-yil 30-avgustdagi 1-son majlisida tasdiqlandi.

O‘quv jarayonini rejali amalga oshirishni ta’minlash, nazorat qilish hamda o‘quv yili davomida haftalik o‘quv yuklamasi taqsimoti va  o‘quv jarayonini meyoriy hujjatlar asosida tashkil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2023-yil 25-avgustdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari va akademik litseylarda 2023/2024-o‘quv yilini boshlash to‘g‘risida”gi 383-son buyrug‘iga asosan hamda Akademiya rektorining 2023-yil 5-sentabrdagi 03-163-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Tasdiqlangan o‘quv jarayon jadvaliga muvofiq dars jadvallari, kredit ta’lim tizimiga kirish, oraliq va yakuniy nazorat imtihonlari, malakaviy va pedagogik amaliyotlar taqsimoti, yakunиy davlat attestatsiyasi hamda bitiruv malakaviy ish va magistrlaik dissertatsiyalari himoyasi jadvallari ishlab chiqildi va Akademiyaning Ilmiy, o‘quv-uslubiy kengashida muhokama qilindi.

Jarayon jadvaliga muvofiq 2023/2024-o‘quv yili kuzgi va bahorgi semestrlari davomida 1928 nafar talaba tanishuv, malakaviy, pedagogik va bitiruv oldi amaliyotlarda ishtirok etdi. Amaliyot jarayonlari 250 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarida amalga oshirildi va akademiya rasmiy telegram kanali hamda sayt orqali yoritildi. Shuningdek, bitiruvchi kurs talabalari uchun ish beruvchi tashkilotlar vakillari bilan 7 ta uchrashuv hamda 46 ta tashkilot bilan hamkorlikda “Karyera kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Shuningdek, mazkur jarayonlar dekanatlar, Magistratura bo‘limi, O‘quv-uslubiy bo‘lim, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi, Talabalar amaliyoti va marketing bo‘limi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan muntazam nazorat qilib borildi.

Akademiya so‘ngi ikki yilda oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingida birinchi 10 talikdan o‘rin egallab kelmoqda. Jumladan, 2023 yilda respublika oliy ta’lim muassasalarining umumiy Milliy reytingida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2-o‘rinni (2022 yilda 7-o‘rin) egalladi. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ilmiy salohiyati reytingida 70,74 foiz ko‘rsatkich (2022 yilda 66,5 foiz) bilan 1-o‘rindagi yetakchilik mavqeyini yanada mustahkamlagan bo‘lsa, ijtimoiy-gumanitar soha oliy ta’lim muassasalari reytingida 1-o‘rinni (2022 yilda 4-o‘rin) egalladi.

Izoh qoldirish