45

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi

Joriy yilning 9-11-iyul kunlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bakalavriatning “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Abituriyentlar ijtimoiy fanlar va chet tilidan gapirish bo‘yicha imtihonni topshirdilar.

Imtihon jarayonlaridan avval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilish maqsadida onlayn translatsiya qilindi. 

Akademiya hovlisida esa abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish va imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish uchun maxsus joylar tashkil etildi. 

Shuningdek, imtihon paytida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlarining vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mas’ul xodimlari mehmonlarga mashhur allomalar haqida ma’lumot berishdi.

Shu yerning o‘zida allomalar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus xonalar tashkil etilib, imtihon topshirishlari uchun sharoit yaratildi. 

Ijodiy imtihonlarni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, abituriyentlarga omad tiladi.

Akademiya rektori islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ahamiyati yuqori ekanini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Islomshunoslik, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar hamda Mumtoz sharq filologiyasi kabi fakultetlar, 10 dan ortiq kafedralar faoliyat yuritmoqda.

Akademiya rektori o‘z so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida hassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini o‘rganish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Imtihon jarayonlarini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Jamoatchilik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimlari adolatli va shaffof o‘tishini nazorat qilib bordilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish