Akademiya va BAAning Hidoya markazi hamkorligi kengaymoqda
Ayni kunlarda yurtimizda Birlashgan Arab Amirliklarining “Hidoya” zoʻravonlik ekstremizmga qarshi kurashish markazi raisi, doktor Ali Roshid al-Nuaimiy boshchiligidagi delegatsiya mehmon boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari mamlakatimizdagi diniy-maʼrifiy soha vakillari, taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlarida boʻlib, mazkur sohalardagi islohotlar bilan tanishmoqda.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga delegatsiya aʼzolari tashrif buyurdilar.
Hurmatli mehmonlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Zohidjon Islomov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev kutib oldi.
Uchrashuv avvalida prorektor Zohidjon Islomov mehmonlarni Akademiyaga tashrifi bilan qutlab, muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, taʼlim yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Majmua davlat taʼlim muassasasi sifatida taʼsis etilgani, unda uzluksiz taʼlim yoʻlga qoʻyilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida taʼlim berilishini qayd etdi.
Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etildi.
O‘z navbatida doktor Ali al-Nuaimiy yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirar ekan, markaz haqida ma’lumot berdi.
“Hidoya” zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish markazi 2012-yilda Abu Dabi shahrida hukumat tashabbusi bilan tashkil qilingan boʻlib, xalqaro darajada zoʻravonlik ekstremizmiga nisbatan diniy soha yetakchilari, diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilayotgan siyosatchilar, tadqiqotchilar uchun maxsus platforma sifatida faoliyat olib boradi.
Hidoya markazi dunyo hamjamiyati hamda 29 ta mamlakat va Yevropa Ittifoqi vakillaridan tarkib topgan Global aksilterror forumi aʼzolarining takliflariga javoban tashkil etilgan boʻlib, bosh mavzusi zoʻravonlik ekstremizmini oldini olish sifatida koʻriladigan mustaqil va koʻp tarmoqli markaz hisoblanadi.
Markaz oʻz faoliyatida moʻtadillik va bagʻrikenglik tuygʻularini tarannum etishga harakat qiladi. Markaz ekstremizmni oldini olishda innovatsion mexanizmlarni joriy qilish, mavjud vositalarni mukammallashtirish, zaruriy dasturlar ishlab chiqishni maqsad qiladi. Hidoya tomonidan ekstremizmning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishda hukumatlararo taʼsir vositalarini kelishib olish, jamiyatlarga aniq strategiya asosida ishlashga yordam beradigan mexanizmlarni ishlab berish amaliyoti olib boriladi.
Hidoya markazi tomonidan innovatsion va ilmiy asosga ega boʻlgan dasturlar, strategik aloqalar va eng yuqori darajadagi tadqiqotlardan foydalangan holda ekstremizmning har qanday koʻrinishi bartaraf qilish maqsad qilingan.
Al-Nuaimiy kadrlar masalasiga toʻxtalib, bugun diniy sohani bitirayotganlar oʻzlarini boshqa zamonaviy kasb bitiruvchilaridan kam sanamasligi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish lozimligini qoʻshimcha qildi. Ilm-fan yutuqlarini gapirib, yaqin yillarda sunʼiy intellekt jamiyatning baʼzi sohalarini butunlay oʻzgartirib yuborishi ehtimoli borligini bildirdi. Shuning uchun islomshunoslik tadqiqotlari sohasida ham bu vositadan foydalanish muhim ekanini aytib oʻtdi. Shuningdek, Akademiyaga oʻqituvchilarning malakasini oshirish, tajriba almashish, oʻquv dasturlarini koʻrib chiqish kabi masalalarda yordamga tayyor ekanliklarini alohida taʼkidladi.
Rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi ostida Oʻzbekistonda radikallashuvni oldini olish va ijtimoiy reabilitatsiya ishlarini tashkil etishda Akademiyada professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilari faol ishtirok etib kelayotganini taʼkidladi. Ushbu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishlari ham amalga oshirilayotganini, xususan, arab mamlakatlaridagi din niqobidagi radikalizm va ekstremizmga qarshi kurash yoʻnalishidagi ilgʻor tajriba oʻrganilayotganini qayd etdi. “Hedayah” va “Chegara bilmas oʻqituvchilar” tashkilotlari bilan mazkur yoʻnalishda oʻzaro manfaatli yaqin hamkorlik oʻrnatishga umid bildirdi.
Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdilar.
Markaz direktori Jamoliddin Karimov muassasa faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Eslatib o‘tamiz, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 2020-yilda davlatimiz rahbarining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan.
Jamoliddin Karimov tashkilotning asosiy vazifalari sifatida mutafakkir olimlar hamda moturidiylik taʼlimoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur oʻrganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qoʻshgan hissasini tadqiq etish va keng targʻib qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularda maʼnaviy va maʼrifiy qarashlarga yot boʻlgan zararli taʼsirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, zamonaviy islom olamini oʻrganishdan iboratligini taʼkidladi. Shuningdek, Angliya, Germaniya, Turkiya, shuningdek arab davlatlari vakillaridan iborat Moturidiy xalqaro hayʼati faoliyati yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi.
Markaz faoliyati mehmonlarda katta taassurot uyg‘otib, muassasa faoliyatiga yuqori baho berdilar.
Akademiya vakillari nufuzli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirar ekan, janobni yana bir bor O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirdi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng mehmonlar uchun “Manbalar xazinasi”ga ekskursiya uyushtirildi. Ali Nuaimiy ushbu manbalar unda katta ijobiy taassurot qoldirganini qayd etib, faxriy mehmonlar kitobiga iliq fikr va mulohazalarini yozib qoldirdi.
Tashrif yakunida Ali Nuaimiy mahalliy OAV vakillariga intervyu berib, mazkur tashrif davomida mamlakatimizda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh boʻlganini hamda ularni yuqori baholashini taʼkidladi.
O‘z navbatida doktor Ali Nuaimiy janoblari ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iltifotdan xursand ekanini e’tirof etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish