51

“Islom hamkorlik tashkilotining yoshlar forumi” bo‘lib o‘tmoqda

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand shahrida 25-30-iyun kunlari “Butunjahon yoshlar festivali-2024” bo‘lib o‘tmoqda.

Bugungi tadbirlar doirasida “Islom hamkorlik tashkilotining yoshlar forumi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Saudiya Arabistoni delegatsiyasi nomidan Sport va yoshlar ishlari boʻyicha vazir oʻrinbosari Abdulaziz Abdulrahman al-Masaed, Oʻzbekiston delegatsiyasi nomidan Akademiya rektori Uygʻun Gʻafurov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Forumda Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi oʻrinbosari Tariq Ali Baxit, Turkiya Yoshlar va sport vazirining oʻrinbosari Enes Eminoʻgʻlu, Islom Hamkorligi Yoshlar Forumi vakili Rasul Omerov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy oʻrinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, xorijiy delegatsiya aʼzolari, Yoshlar ishlari agentligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mas’ullari hamda faol yoshlar ishtirok etdilar.

Mazkur tadbir islom olami ravnaqi va taraqqiyoti yoʻlida istiqbolli va iqtidorli yoshlarning muloqoti va hamkorligi uchun yangi platforma shakllantirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda IHTga aʼzo mamlakatlarning yoshlar siyosati sohasida amalga oshirish ishlar boʻyicha taqdimotlari o‘tkazildi.

Forum “Gender jihatlarini hisobga olgan holda, zamonaviy bilim va kasblarni egallashlari uchun sharoit yaratish orqali yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish”, “Yoshlar prizmasi orqali global muammolarni hal qilish: Biz bu dunyoni yaxshiroq joyga aylantiramiz” hamda “Gender jihatlarini hisobga olgan holda, zamonaviy bilim va kasblarni egallashlari uchun sharoit yaratish orqali yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” kabi sessiya asosida tashkil etilib, unda Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning yoshlar siyosati masʼul davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarining maʼruzalari tinglandi.

Forum doirasida “Islomda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor”, “Hozirgi zamon va anʼanaviy qadriyatlar”, “Oʻzbekiston – buyuk allomalar diyori”, “Oʻzbekistonda yoshlar uchun amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Imom Buxoriy ilmiy merosida shaxs ijtimoiy tarbiyasi asoslari” kabi mavzularda maʼruzalar tashkil etildi.

Shuningdek, forum davomida islom dunyosi yoshlarini rivojlantirish boʻyicha muhokamalar olib boriladi va takliflar ishlab chiqildi.

Izoh qoldirish