54

Akademiyada 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng miqyosda nishonlandi

Keyingi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida “Axborot makonidagi ustunlik ko‘p narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi bo‘lgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilib, o‘z bilim va salohiyati, o‘tkir qalami va haroratli so‘zi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab yetishga ko‘maklashadigan, ularni buzg‘unchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi”, deya mazkur soha vakillarining mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof etgan edi. 

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Media savodxon va axboriy madaniyatli yoshlar yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari Madamin Safarov, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov, OAV xodimlari, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari hamda kiberfaol talabalar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari Madamin Safarov,  “O‘zbekiston” radiosi bosh muharriri Rohila Yusupova hamda “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari berildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish