Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!
Keyingi yillarda yurtimizda yoshlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Zero, mamlakat rivojini zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, yoshlarning iqtidorini aniqlash va uni rivojlantirish muhim masalaga aylangan.
Ajdodlarimizning boy merosini o‘rganib, har taraflama yetuk, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini umr yo‘lining yangi davri sari kuzatmoqda.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
– Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan yoshlarimiz ishonch bilan katta hayotga kirib kelayotgani barchamizni quvontiradi, – dedi Akademiya rektori. – Zotan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida xalqimiz Uchinchi Renessans davriga mustahkam poydevor qo‘ymoqda.
Ta’kidlash kerakki, jonajon yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Zero, barkamol avlod – Vatanimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi!
Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev so‘zga chiqib, bitiruvchi-talabalarga o‘z tilaklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 2023/2024-o‘quv yilida 286 nafar talaba bakalavriat hamda 110 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi yoshlar hamda faol talabalar taqdirlandi.
Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi talabalar hamda “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan “Rektor kubogi” sport bellashuvlarining sovrindorlariga tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari so‘z olib, Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirishdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish