88

“Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!”

SHUKUH

Yurtimizda kechayotgan diniy-maʼrifiy sohada keng koʻlamli islohotlar, ijobiy oʻzgarishlarning amaliy inʼikosi xalqimiz musulmonlarining oʻz ibodatlarini emin-erkin ado etishi uchun yaratilayotgan yengillik, qulaylik va imkoniyatlarda yaqqol aks etmoqda. Jumladan, “Haj-2024” mavsumi doirasida yurtimiz hojilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar Saudiya Arabistoni Podshohligining “al Madina”, “Ar-Riyod”, “al Xabar”, “al-Xalij” kabi katta adadga ega nufuzli markaziy nashrlari tomonidan yuksak eʼtirof etilganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.

Davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, boʻlajak hojilarga oʻz eʼtibor va gʻamxoʻrligini izhor qilishi esa mamlakatimiz tarixida ilk bor kuzatilmoqda.

Kecha esa Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigini yoʻlladi. Unda xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi oʻringa chiqayotgan yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar mazmuniga naqadar uygʻun va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli boʻlib borayotgani taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik hojilar ham Makka shahri Arafot vodiysidan tu rib, Prezidentimiz va barcha yurtdoshlarimizni musulmon ummati uchun eng ulugʻ bayram — Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etdilar. Haj ibodatini imon va savob umidida ado qilayotgan hamyurtlarimiz shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barka mollik soʻrab, ezgu duolar qilayotganini bildirdilar.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, xalqimiz uchun xos boʻlgan bagʻrikenglik, xayr-u saxovat, hamjihatlik, oʻzaro ahillik va rahm-shafqat kabi yuksak insoniy fazilatlarning inʼikosi milliy qadriyatlarimizning ajralmas tarkibiy qismiga aylanib ketgan diniy qadriyatlar misolida, xususan, Qurbon hayiti bayramida yanada yaqqolroq namoyon boʻla di. Haqiqatan, yurtimiz musulmonlari tomonidan mazkur bayram har yili birdamlik ruhida katta shod-u xurramlik bilan nishonlanadi. 

Xususan, joriy yilda ham muborak Qurbon hayiti bayramini milliy anʼana va urf-odatlarimizga uygʻun holda oʻtkazish, islom dinining insonparvarlik gʻoyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash, shuningdek, musulmonlar uchun Qurbon hayiti bilan bogʻliq amallarni bajarishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida 2024-yil 11-iyun sanasida Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur qaror yurtdoshlarimiz tomonidan oʻzgacha quvonch bilan kutib olindi, ularning qalbida ulkan shukuh, cheksiz quvonch, bir paytlar faqat orzu qilish mumkin boʻlgan buyuk oʻzgarishlar kuzatilayotgan mana shunday bir davrda yashayotganlari, ulkan islohotlarga daxldor boʻlayotganlaridan shukronalik tuygʻularini joʻsh urdirdi. 

Maʼlumki, Qurbon hayiti koʻplab fazilatlarga ega kunlardan hisoblanadi. Ushbu muborak fursatda musulmonlar bir-birlarining holidan xabar oladi, oʻzaro gina-kuduratlar unutiladi, qarindosh, yaqin qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkam lanadi, ehson va xayr-u saxovat avj oladi. Shu bilan birga, jonliq soʻyib qurbonlik qilish bandaning neʼmatlar uchun Parvardigoriga shukronaligi ramzi hisoblana di. 

“Haj” surasining 37-oyatida ushbu kun haqida “Allohga (qurbonlik) goʻshtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U Zotga sizlardan taqvo yetib boradi. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli — U Zotni ulugʻlashingiz uchun — ularni sizga boʻysundirib qoʻydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” deyilgan. Qurʼoni ka rimda zikr qilingan ushbu kun musulmonlar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kunlarda qilingan ezgu amallarning ajr-u mukofoti esa gʻoyatda ulugʻ boʻladi. 

Taʼkidlash lozimki, Qurbon hayiti bayrami xalqimiz maʼnaviy hayotida muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, insonlar qalbida saxovat, shukronalik, mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarning yanada sayqallanib, kamol topishiga xizmat qiladi. Qurbon hayiti bayramining yana bir tarbiyaviy ahamiyati shundan iboratki, u xalqimizga ahil va totuv hayot kechirishni, barchaga birdek bagʻrikeng munosabatda boʻlishni, inson qadrini ulugʻlashni taʼlim beradi. Shu nuqtai nazardan, ushbu muqaddas bayramni islom taʼlimotida har bir insonning shaʼni, uning diniy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishi hamda irqidan qatʼi nazar, nechogʻliq yuksak qadrlanishining amaliy ifodasi sifatida eʼtirof etish mumkin. 

Har bir musulmon ushbu muborak kunlarda ezgu va xayrli ishlarni qilishda yanada shijoatli boʻlishi, ushbu kunning fazilati bilan Alloh tomonidan bandalarga vaʼda qilingan behisob savoblar, beriladigan imkoniyatlardan unumli foydalanib qolishga harakat qilishi lozim. Zero, Alloh taolo Qurʼoni karimning “Soffat” surasi 60-61-oyatlarida “Albatta, mana shu (jannat neʼmatlari) ulkan yutuqning oʻzidir. Bas, aynan mana shunday yutuq uchun amal qiluvchilar amal qilsinlar!” deb taʼkidlagan.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar zamirida ham islom dinida keng oʻrin ajratilgan insonparvarlik va tinchlikparvarlik gʻoyalarini jamoatchilikka yetkazish, ijtimoiy munosabatlarda halollik, adolat, rahm-shafqat, bagʻrikenglik xislatlarini qaror toptirish, yoshlarni maʼnaviyatimizga yot boʻlgan turli tashqi tahdidlardan asrab-avaylash, moʻtadil islom taʼlimotini keng targʻib qilish, jamiyatda diniy bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash kabi muhim hamda dolzarb maqsad va vazifalar yotadi. 

Jumladan, Markaz jamoasi joriy yildagi Qurbon hayiti munosabati bilan ham yurtdoshlarimizga oʻziga xos sovgʻa tayyorladi. Ushbu sovgʻa Imom Moturidiy qalamiga mansub “Kitob at-tavhid” asarining zamonaviy nashri boʻlib, ushbu tadqiqot asarning Buyuk Britaniyadagi Kembridj universiteti kutubxonasida saqlanayotgan yagona qoʻlyozma nusxasi asosida tayyorlandi hamda Iordaniyaning “Maktabat al-Gʻonim” nashriyotida chop etildi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ushbu kitobning Qohi ra, Abu Dabi va Doha kabi shaharlarda boʻlib oʻtgan xalqaro kitob yarmarkalarida namoyish etilishi Oʻzbekistonning ilm-fan sohasidagi xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. 

Imom Moturidiyning ikkinchi shoh asari Qurʼoni karim tafsiriga bagʻish langan “Taʼvilot al-Qurʼon” deb nomlanadi. Hozirga qadar Markaz ilmiy xodimlari tomonidan ushbu asarning 16 juzi tarjima qilinib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi. 

Shu bilan birga, Markaz tomonidan yil boshidan hozirga qadar aholi oʻrta sida islom dinining asl tinchlikparvarlik mohiyatini ochib berishga qaratilgan 500 dan ziyod maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, 53 ta kitob taqdimoti oʻtkazilgani, 29 nomdagi kitob va xalqchil risolalar tayyorlanganini ham muhim natija sifatida baholash mumkin. Markazning mazkur yutuqlarga erishishi zamirida Prezidentimiz tomonidan ilmiy-tadqiqot markazlari uchun yaratib berilgan imkoniyatlar va eʼtibor mujassam. 

Qurbon hayiti bayrami shukronalik, xursandchilik va shodlik bayrami hisoblanadi. Ushbu kunda yaqinlar, qoʻni-qoʻshnilar, bemorlar hamda muhtojlarning holidan xabar olish, oʻzaro gina-kuduratlarga barham berish, shukronalik keltirish, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash ulugʻ va savobli amallardan hisoblanadi.

Jamoliddin KARIMOV, 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil, 17-iyun, 120-son

Izoh qoldirish