Akademiya rektori “Xalq diplomati” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi
Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining 23 yilligi munosabati bilan Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing oʻtkazildi.
Tadbir davomida “Xalq diplomati” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tashkilotga aʼzo davlatlarda xalq diplomatiyasi rivojiga munosib hissa qoʻshgan davlat arboblari, olim, yozuvchi, fan, sanʼat va madaniyat sohasi vakillari, fuqarolik jamiyati faollari, yoshlar va xotin-qizlar qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ham “Xalq diplomati” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur koʻkrak nishoni tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, oʻzaro madaniy – gumanitar aloqalarni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida doʻstona hamkorlik muhitini qaror toptirish, SHHT maqsadi, vazifasi va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hamda asosiy tamoyillarini targʻib etishga yoʻnaltirilgan faoliyatni ragʻbatlantirish maqsadida 2021-yilda markaz tomonidan taʼsis etilgan.
Ma’lumki, Prezidentimizning “Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida markazga SHHT mamlakatlari oʻrtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda SHHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy prinsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish vazifasi yuklatilgan.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi oʻrtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi rahbariyati bilan uchrashuvlar, “Sivilizatsiyalararo muloqot – xalq diplomatiyasining muhim omili” mavzusida ilmiy-amaliy seminar hamda “Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot sari oʻzaro hamjihatlik” shiori ostida Xalq diplomatiyasi forumi, “Sugd friendship bridge” loyihasi doirasida Tojikistonning Xoʻjand shahrida ma’naviy-madaniy kabi tadbirlar o‘tkazilgan.
2023-yil 24-may kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari bundan keyin ha, bardavom bo‘lishiga umid qilamiz.
Izoh qoldirish