87

Buxoroga qaysi mamlakatdan eng koʻp sayyoh keladi?

Turizm

Buxoro tabarruk qadamjolari, maftunkor tarixiy obidalari, oʻziga xos koʻchalari, mehmondoʻst aholisi bilan mashhur. U islom dinining markazi, sharif va faxrli shahar, shaharlar imomi, deb ham eʼzozlanadi. Shaharning markazi UNESCO jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Viloyatda koʻplab qadimiy masjid va madrasalar mavjud. Ularni ziyorat qilish sayyohlarga islom meʼmorchiligi va madaniyatining bebaho merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Ularning har biri chuqur tarixiy ildizga ega, Buxoro taraqqiyotining turli bosqichlarini ifoda etadi. 

Masalan, Koʻkaldosh madrasasi nafis naqshinkor koʻrinishi bilan boy oʻzbek meʼmorchiligining noyob qirralarini ochib beradi. Kalon masjidi yirik koʻlami va betakror meʼmorchiligi ila har qanday sayyohni hayratga soladi. Ismoil Somoniy maqbarasi esa Buxoroning boy madaniy merosini ifodalovchi eng qadimiy yodgorliklardan. Mazkur obyektlarning har biri oʻzbek meʼmorchiligi durdonalari boʻlibgina qolmay, ularni barpo etganlarning hayoti va eʼtiqodi toʻgʻrisida hikoya qiluvchi bebaho tarixiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Eski shaharga tashrif nafaqat islom meʼmorchiligining goʻzalligidan bahra olish, balki davr ruhini his qilish, Buxoro madaniy merosining qadr-qimmatini anglash imkonini beradi.

Bugun ziyorat turizmi rivojlangan Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh va arab davlatlaridan ziyoratchilarni mamlakatimizning tarixiy shaharlari, xususan, Buxoroga jalb etish asosiy vazifa sifatida belgilab olingan. Abduxoliq Gʻijduvoniy, Orif Revgariy, Anjir Fagʻnaviy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Amir Kulol va Bahouddin Naqshband shu zaminda mangu qoʻnim topgani ziyorat turizmi yoʻnalishi uchun asosdir. 

Taniqli olim va faylasuflar bilan bogʻliq manzillarni koʻrish, qadamjolarini ziyorat qilish, shuningdek, ularga aloqador kutubxonalar, taʼlim muassasalarida boʻlish xorijlik sayyohlarda unutilmas taassurot qoldiradi. Misol tariqasida Abdulazizxon madrasasini keltirish mumkin. XVII asrga taalluqli ushbu obida oʻz davrida Buxorodagi eng yirik oʻquv muassasalaridan biri boʻlgan. Bu yerga keluvchilar maorif rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mashhur olim va hukmdor Abdulazizxonning hayoti va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishadi.

Shunday manzillardan yana biri Abu Ali ibn Sino kutubxonasidir. U atoqli tabib, olim va faylasufning hayoti hamda ilmiy yutuqlariga oid qimmatli qoʻlyozma va kitoblar saqlanadigan joy boʻlib, bu yerda ularni koʻrish, allomaning tibbiyot hamda falsafaga qoʻshgan hissasi haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlish mumkin.

Buxorodagi eng yirik sayyohlik manzillaridan yana biri Bahouddin Naqshband maqbarasidir. XVI asrga taalluqli maqbara mutasavvuf yodgorlik majmuasida joylashgan. Ushbu meʼmoriy yodgorlikka shayboniy Abdulazizxon asos solgan.  

Buxorodagi eski qalʼa va mudofaa inshootlarini oʻrganish, shuningdek, shahar tarixining turli davrdagi mudofaasi haqida maʼlumot olish nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarga ham juda qiziq. Bu yoʻnalishga Ark qalʼasi, Chashmai Ayyub, Buxoro devori, Fayzobod qalʼasi, Buxoro mudofaa muzeyini kiritish mumkin.

Buxoro arki shaharning V asrga oid qadimiy qalʼasidir. Unda nafaqat hukmdorlar, balki buyuk olimlar, shoiru faylasuflar yashab, ijod qilgan. Shahar madaniyati eng yuksalgan oʻrta asrlarda arkda Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, Umar Hayyom kabi buyuklar yashagan. U shaharga hayratlanarli va oʻziga xos koʻrinish taqdim etadi.

Ziyorat turizmining ajralmas qismiga aylangan Poyi kalon majmuasi esa XII-XVI asrlarda barpo etilgan. Majmua masjid va madrasani oʻz ichiga olgan, islom meʼmorchiligining eng yaxshi namunalaridan biri. 

Hozirgacha faoliyat yuritib kelayotgan eng qadimgi diniy maktablardan biri Mir Arab madrasasida sayyohlar musulmon universitetining ochiq, hayratlanarli hayotini koʻrishi mumkin. 

Buxoroning ajoyib sayyohlik imkoniyatiga guvoh boʻlishni istagan sayyoh Labi hovuz majmuasiga borishi shart. U Markaziy Osiyodagi ushbu turdagi inshootlar ichida eng katta va qadimiysi. Hozir madrasa hovlisida milliy raqs va liboslar namoyishi bilan mashhur xalq tomoshasi tez-tez oʻtkazib turiladi.

Buxoroga har yili koʻplab sayyohlar keladi. Masalan, oʻtgan yili MDHdan 790,9 ming, Yevropadan 285,5 ming, Osiyodan 281,8 ming, Amerika qitʼasidan 24,2 ming mehmon tashrif buyurgan. Ularning katta qismi Rossiya, Qozogʻiston, Fransiya, Turkiya, germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSH va Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi.

Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatga 455,2 ming xorijlik kelgan. Ularga koʻrsatilgan xizmat orqali turizm eksporti 113,8 million dollarga yetdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 34,6 foiz koʻp.

Buxoroga kelayotgan mahalliy sayyohlar soni ham yildan yilga oʻsib bormoqda. 2022-yilda ular soni 2 million 961,1 mingni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib, bu koʻrsatkich 3 million 490 mingga yetdi. Joriy yilning ayni paytigacha esa Buxoroga 1 million 439,5 ming yurtdoshimiz sayohat qilgan.

Keyingi yillarda mamlakatimiz sayyohlik boʻyicha xalqaro maydonda yuqori oʻrin egallayotir. Masalan, global musulmon sayohat indeksining 2024-yil musulmon turistlar uchun dunyodagi eng yaxshi davlatlar reytingida Oʻzbekiston 14-pogʻonani egalladi. Singapurda joriy yil 30-mayda 27 davlatning 80 nafardan ziyod vakili ishtirokida tashkil etilgan “Halal In Travel – Global Summit 2024” umumjahon sammitida bu yilgi mukofot Buxoroga topshirildi. 

Buxoroning sayyohlik imkoniyatini oshirish doirasida koʻplab chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Ayni paytga kelib shahardagi mehmonxonalar soni 198 taga, oilaviy mehmon uylari 268 taga, xostellar 73 taga yetdi. Joriy yilda yana 8 ta mehmonxona, 1 ta xostel, 16 ta oilaviy mehmon uyi ochiladi.

Bundan tashqari, xalqaro brendlarning faoliyat yuritishi shaharning sayyohlik imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatyapti. Shu bilan birga, shaharga jalb qilinayotgan investitsiya hajmi 2023-yilda 83 million dollarga yetdi. Bugunga kelib bu yerda 161 ta turoperator faoliyat yuritmoqda.

Hududda turizm sanoati taraqqiyoti infratuzilma rivojlanishi va yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilmoqda. Natijada Buxoroda turizm yoʻnalishi bilan mashgʻul kishi soni 2022-yilda 8 ming boʻlgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 10 mingni tashkil etdi. Oʻtgan yili sayyohlarning turistik obyektlarda boʻlish davomiyligi 3-3,5 kun edi. Joriy yil yakunida ushbu koʻrsatkich 4 kunga yetishi kutilmoqda.

Shu yil 3-iyunida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijlik turistlar oqimini koʻpaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Yigʻilishda davlatimiz rahbari sohadagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Ularning turizm xizmatlarini eksportoldi moliyalashtirishni yoʻlga qoʻyish, turoperatorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻini subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish, turizm geografiyasini kengaytirish, milliy mehmonxona brendlari yaratish, oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash va xorijda malakasini oshirish kabi koʻplab takliflari boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.

Buxoroning turistik jozibasi hamda sayyohlar sonini oshirish maqsadida hudud infratuzilmasini yaxshilash va turizmni rivojlantirish boʻyicha qulay shart-sharoitlar yaratish uchun aviaqatnovlar koʻpaytirilmoqda. Jumladan, joriy yil iyunidan boshlab Toshkent – Buxoro – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviaqatnovlar dushanba va shanba kunlari 3-martadan, seshanba, chorshanba, payshanba, juma va yakshanba kunlari esa 2 martadan amalga oshiriladi. 

Bu yerda taqdim etilayotgan har bir tarixiy marshrut sayyohlarga oʻtmishga sayohat bilan bir qatorda shaharning asrlar davomida qay tarzda rivojlanib kelganini his qilish imkonini beradi. Shuningdek, mehmonlarning ushbu qadimiy shahar haqida toʻla maʼlumot olishiga yordam berishi shubhasiz.

Olim OSTONAQULOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 15-iyun, 118-son

Izoh qoldirish