124

Onlayn muloqotda hamkor tashkilot bilan muhim masalalar muhokama etildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida BAAning Muhammad bin Zayd gumanitar fanlar universiteti vakillari bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Onlayn muloqotda Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev va tarjimon Akbar Kazakbayev qatnashdi.

Hamkor muassasa tomonidan rektor maslahatchisi, doktor Karima al-Mazruʼiy, Hamkorlik boʻlimi boshligʻi Aisha al-Suvaydi, Hamkorlik boʻlimi mutaxassisi Hamal al-Obaydli ishtirok etdi.

Ushbu muloqot ikki muassasa oʻrtasida imzolangan memorandum bandlari asosida hamkorlikni muhokama etish uchun tashkil etildi.

Uchrashuv avvalida Zokirjon Roʻziyev ushbu universitet tomonidan taklif etilgan talabalar almashinuvi dasturi uchun Akademiya talabalari oʻrtasida saralash suhbati boʻlib oʻtganini bildirdi hamda joriy yil 24-may kuni Akademiyada oʻtkazilgan “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada mazkur universitet vakilining ishtirok etgani munosabati bilan tashakkur izhor etdi.

Zokirjon Roʻziyev oʻz soʻzi davomida mazkur uchrashuvni tashkil etish boʻyicha hamkor muassasaning taklifini yuqori baholadi. Sentabr oyiga qadar ikki muassasa oʻrtasida kelgusidagi hamkorlikni muhokama etish uchun qulay imkoniyatlar borligini bildirdi.

O‘z navbatida doktor Karima al-Mazruʼiy universitetda kelgusi dekabr-yanvar oylarida ikki haftalik arab tili kurslari tashkil etilishi rejalashtirilayotganini bildirib, Akademiya talabalarini ushbu kursda ishtirok etishini taklif etdi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Akademiyadagi boshlangʻich tashkiloti talaba yoshlar oʻrtasida “Zakovat” intellektual turniri, “Talabalar teatr studiyasi” klubi, “Xorijiy tillar” toʻgaraklarini tashkil etishda muhim oʻrin egallashini qayd etib, hamkor muassasa tarkibida shunga oʻxshash tashkilot boʻlsa, ularni bir-biri bilan yoʻnalishlari doirasida hamkorlik oʻrnatishini taklif etdi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar bir-birini yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti munosabati bilan qutlab, ezgu tilaklar almashdilar.

Izoh qoldirish