Tojikistonliklarga Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan spektakl namoyish etildi
Yurtimizda talaba-yoshlarni san’atga muhabbat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarga o‘z qobiliyatlarini namoyish etishi uchun sharoit yaratib berish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Talabalar teatr studiyasi tashkil etilgan.
Teatr jamoasi tomonidan bugungi kunga qadar O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar“ asari asosida tayyorlangan “Bobur”, dramaturg Nasrullo Qobilning “Toʻda” asari asosida “Adashganlar” hamda Sirojiddin Salohiddinovning “Oqqushlar” asari asosida spektakllar sahnalashtirildi.
Mazkur asarlar nafaqat yurtimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida, balki xorijliklarni ham e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Spektaklni o‘z sahnalarida namoyish etish uchun takliflar bildirildi.
Bugun O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatida "Sugd friendship bridge" loyihasi amalga oshirildi.
Ushbu loyiha O‘zbekiston va Tojikiston ilm-fan sohasi vakillari va yoshlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish hamda Sirdaryo daryosi ekologik barqarorligini saqlash, daryo va uning sohillarini ifloslantirmaslik g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Loyiha doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Talabalar teatr studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Oqqushlar” spektakli namoyish etildi.
Asarda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari boʻlgan 7 nafar bolalarning taqdiri yoritib beriladi. Asar davomida bolalarning turfa taqdiri, ota-ona mehrisiz ulg‘ayish, dil kechinmalari hikoya qilinadi.
Asar yakunida ushbu bolalar jamiyatning turli sohalarida yetuk mutaxassis sifatida xizmat koʻrsatayotgani aks ettiriladi.
Spektaklning asosiy maqsadi bugungi kundagi jamiyatimizda oilaviy nizolar, turli munosabatlar sabab begunoh bolalarning Mehribonlik uylariga topshirilishi, ularni ota-ona, aka-uka, opa-singil mehriga zor boʻlayotgani hamda davlatimizning ularga yaratgan shart-sharoitlari asosida jamiyatning yetuk kadrlari sifatida yetishib chiqayotganliklarini namoyish etishdan iborat.
Asar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, talabalar tomonidan mahorat bilan ijro etilgan har bir rol tengdoshlarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Spektakl namoyishidan so'ng Akademiya o'qituvchisi No'monxon To'rayevning "Islomda tabiatga munosabat" mavzusidagi ma'ruzasi tinglandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish