1

Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon

Markaziy Osiyo mintaqasi bir necha ming yillik ulug‘vor va boy tarixga ega. Turli davrlarda ulkan sivilizatsiyalar, kuchli davlatlar va bebaho me’moriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, olim-u fuzalolar tomonidan yaratilgan muhtasham madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan.

O‘lkada jahon ilm-fan taraqqiyoti rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, ilm-fanning barcha sohalari, jumladan, islomiy ilmlarda ham jahonga dong taratgan buyuk allomalar kamol topgan. Shu bois, mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlari, alloma va olimlar hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning merosini tadqiq etish muhim vazifa sanaladi. So‘nggi yillarda o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan.

Yettinchi marotaba o‘tkazilgan mazkur konferensiya O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan xalqaro konferensiyada Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, soha olimlari, ilmiy izlanuvchilar hamda magistr va talabalar ishtirok etishdi.

Anjumanni tashkil etishdan maqsad islom tarixi, san’ati va madaniyati sohasida tadqiqot olib borayotgan dunyo olim va mutaxassislari o‘rtasida ilmiy yangilik, ma’lumot va tajriba almashinuvi uchun xizmat qiladi. Anjuman natijalari kitob shaklida ilmiy to‘plam bo‘lib nashr etilib, ushbu sohada izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar uchun qo‘llanma bo‘ladi.

Tadbir islom tarixi, san’ati va madaniyati mavzuidagi izlanishlar, mutaxassislar o‘rtasidagi ilmiy almashinuvni qo‘llab-quvvatlashga, anjuman mavzusini fanning mustaqil sohasi sifatida ilgari surishga xizmat qiladi. Shuningdek, anjumanda tashkilotchi va ishtirokchilar tomonidan hujjatli va arxeologik yangi manbalar va ma’lumotlar beriladi, hamkorlikni o‘rnatish va mustahkamlash uchun yangi uchrashuvlar haqida kelishilinadi, ta’limda yuzaga kelgan muammolar yechimi topiladi.

Konferensiyada “Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati va san’ati”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-ma’naviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi va arxitekturasi” hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odat va an’analaridagi umumiylik va o‘ziga xoslik” kabi muammolar haqida bahs-munozaralar yuritildi. 

Anjumanda “Buxoro amirigi kutubxonalari tarixidan”, “Imom Moturidiy ilmiy merosida adashgan firqalarga raddiya berish metodologiyasi”, “Qur’oni karimning vaqf qilingan qo‘lyozmalari" (O‘zbekiston fondlari misolida)”, “Markaziy Osiyodagi islom me’morchiligi tirik meros sifatida”, “Movarounnahrlik muhaddisa va faqihalar ilmiy-ma’rifiy merosi” hamda “Temuriylar san’atida qog‘oz o‘ymakorligi an’anasi va Husayn Boyqaro devoni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

– Mazkur anjuman O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan amaliy hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qiladi, – deydi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov. – An’anaviy tarzda yetti yildan beri o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish hamda mintaqa xalqlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bugungi konferensiya ilmiy tajribalarni, madaniy-tarixiy omillarni va zamonaviy taraqqiyotda islom sivilizatsiyasining o‘rnini mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Muxtasar aytganda, bugungi tadbir musulmon olamida mashhur bo‘lgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayxon Beruniy, Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Abu Mansur Moturidiylarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, Markaziy Osiyodan islom ilohiyoti va huquqi, astronomiya va matematika, ijtimoiy fanlar va adabiyot sohasida olamga mashhur olimlarlar ilmiy merosi tiklanib, kelajak avlodga qoldiriladi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish