131

O‘zbekiston – umumiy uyimiz!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun madaniyatlararo muloqotlar, dunyo sivilizatsiyalari tarixiga oid ma’lumotlar berishga mo‘ljallangan uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan. 

“Xalqaro madaniyatlar xilma-xilligi va muloqot kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Jamiyatimizda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlash masalalari” mavzusida uсhrashuv va ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qаrori hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2023-yil topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Qo‘mitaning Millatlararo munosabatlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari Azamat Toshev muassasa faoliyati, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, chet eldagi o‘zbek diasporasi tashkilotlari bilan aloqalar haqida ma’lumot berdi. 

Uchrashuvdan so‘ng talabalar qo‘mita binosida joylashgan bir qator milliy madaniy markazlariga, jumladan, O‘zbekiston Tatar milliy madaniy markazi, Zaki Validi nomidagi Toshkent shahar Boshqird ijtimoiy madaniy markaziga tashrif buyurib, markaz vakillari bilan qiziqarli muloqot olib bordilar.

Uchrashuvlar yakunida Qo‘mita vakillari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirib, kelgusi madaniy tadbirlarda talabalarni volontyor sifatida ishtirok etishga taklif etishdi.

Izoh qoldirish