104

Yoshlar ta’lim va tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz

Yosh avlodni Ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga jalb qilish bugungi kundagi ustuvor vazifadir. Bu esa nafaqat ota-ona, balki ustoz-murabbiylar, barchamizning burchimizdir. Zero, xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, deb bejiz aytilmagan.

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov boshchiligidagi Akademiya mas’ullari yoshlar bilan ishlash natijadorligini oshirish bo‘yicha Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “G‘alaba”, “Istiqbol” hamda “Chinniobod” MFYdagi o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashdilar.

Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandida alohida ishlash talab etiladigan yoshlarni masʼul rahbarlarga nomma-nom biriktirish amaliyotini joriy etish vazifasi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Muloqotda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari, kafedra mudirlari, Olmazor tumani hokimiyati, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.

Muloqotni Akademiya rektori ochib, yoshlar siyosati, ularga qaratilayotgan keng qamrovli e’tibor, Prezidentimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshlangan ushbu xayrli loyiha, muammoli yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topishiga katta zamin yaratishini alohida ta’kidladi. 

Akademiyaga Omazor tumanidagi 5 ta mahalladan 19 nafar yosh biriktirilgan bo‘lib, ular bilan manzilli ishlash borasida harakatlar olib borilmoqda.

Uchrashuv davomida kelajagimiz ertasi – yoshlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ularning muammo va kamchiliklarini bartaraf etish haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuv davomida yoshlarni kasb-hunar, ilm-fan, chet tillariga o‘qitish, bandligini ta’minlash bilan bog‘liq asosiy muammolari o‘rganildi. Bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga doir tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, yoshlarning muammosi va takliflari eshitildi. Akademiya rektori tomonidan yoshlarning o‘qish va ishlarini davom ettirishlari bilan bog'liq ijobiy takliflar berildi.

O‘z navbatida yoshlarning ota-onalari so‘z olib, farzandlarining bilib-bilmay qilgan xatolarini kechirib, ularga imkon berayotgan, kelajagi uchun qayg‘urayotgan mutasaddilarga, xususan, Akademiya jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish