91

Akademiya vakillari hamkor universitetda o‘quv-ilmiy stajirovka o‘tamoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professor-o‘qituvchilarining Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universitetidagi stajirovka jarayoni samarali kechmoqda. 

Malaka oshirish bilan bir qatorda KFU huzuridagi institutlar faoliyati, xususan, psixologiya va ta’lim institutidagi kafedralar faoliyati bilan tanishilib, professor Zebo Kasimova tomonidan “Mutaxassislik fanlarini o‘qitish jarayonida interfaol metodlarni qo‘llashning didaktik imkoniyatlari” hamda dotsent Mirmuhsin Akromov tomonidan “Shaxslararo munosabatlardagi baryerlar va ularni bartaraf etishning psixologik jihatlari” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi. 

Shuningdek pedagogika kafedrasi jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Pedagogika fanlari doktori, professor Roza Valeyeva hamda “Umumiy psixologiya” kafedrasi mudiri, professor Pavel Ustin bilan kelgusidagi vazifalar haqida suhbatlashildi.

Akademiya vakillari stajirovka davomida Rossiya islom institutiga tashrif buyurdilar. Institut rektori siyosiy fanlar doktori, professor Rafik Muhametshin bilan bo‘lgan suhbatda islom psixologiyasi, teologiya sohalariga doir dolzarb mavzular muhokama qilindi. 

Fanlararo integratsiya masalasida yangi metodologiya va yondashuvlar zarurligi, va uni rivojlantirish borasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Rossiya islom instituti olimlari o‘rtasida ilmiy-uslubiy hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi hamda galdagi muhim vazifalar belgilab olindi. 

Tashrif chog‘ida institut kampusidagi 40 ming adabiyot fondiga ega bo’lgan kutubxona, xattotlik bo‘yicha dars jarayonlari bilan tanishildi.

Izoh qoldirish