121

Akademiya vakillari uchun Oʻmon Sultonligidagi malaka oshirish kurslari samarali o‘tdi

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Zuhra Aripova, dotsent Dilfuza Sagdullayeva, “Lingvistika” yoʻnalishi magistranti Barno Ismoilova Oʻmon Sultonligining Sulton Qobus universitetida noarablarga arab tilini oʻqitish institutida malaka oshirish kurslarida qatnashdi.

Akademiya vakillari safar doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Oʻmon Sultonligidagi elchixonasiga tashrif buyurdilar.

Elchi Abdusalom Hotamov boshchiligidagi xodimlar ustozlarni samimiy kutib oldi. Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Oʻmon Sultonligidagi taʼlim tizimi, xususan, taʼlim jarayonlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, arab tilini oʻqitish boʻyicha kelajakda amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalar, shuningdek, oʻzaro talabalar almashinuvi boʻyicha fikr almashildi.

Oʻz oʻrnida elchi Abdusalom Hotamov ustozlarni Oʻmon Sultonligidagi ilk tashrifi bilan qutlab, kelajakda arab tilini oʻrganish va oʻrgatish boʻyicha malaka oshirish kurslarining davomiyligiga umid bildirdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va barcha ustozlariga oʻz salomini yetkazdi.

Shuningdek, malaka oshirish kurslari davomida O‘mon Sultonligining Nizva universitetida bo‘ldilar. 

Tashrif davomida Nizva universitetidagi ta’lim jarayoni, axborot resurs markazi, ona tili arab tili bo‘lmaganlarga arab tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan “Ahli dod”, Halil Ahmad Farohidiy nomli xalqaro tilshunoslik ilmiy markazi,  universitet qoshidagi xatotlik markazi faoliyati bilan tanishildi hamda arab xat turlari bo‘yicha mahorat darsida ishtirok etildi. 

Bu turdagi tashrif Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan ilk bora amalga oshirilayotgani ta’kidlanib, mazkur ikki tomonlama hamkorlik aloqalari bardavom bo‘lishiga taklif bildirildi. 

Izoh qoldirish