86

Akademiyada Birlashgan Arab Amirligi Xalqaro madaniy diplomatiya instituti direktorlar kengashi raisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Birlashgan Arab Amirligi Xalqaro madaniy diplomatiya instituti direktorlar kengashi raisi, doktor Muhammad Kamel al-Muayni boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov boshchiligidagi Akademiya vakillari kutib oldi.

Mazkur tashkilot 2010-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi madaniy diplomatiya va madaniyatlararo munosabatlarda muhim rol oʻynaydigan gʻoyalar, qadriyatlar, anʼanalar, urf-odatlar va madaniy eʼtiqodlar almashinuvini kengaytirish, xalqlar va millatlar oʻrtasida umum manfaat uchun ijobiy tasavvurni yaratishdan iboratdir. Tashkilot taʼsischisi va raisi Muhammad Kamel al-Muaynidir.

Hozirgi kunda madaniyat global muloqotni yaratish yoʻlida muhim kuch ekaniga asoslanib, Xalqaro madaniy diplomatiya instituti dunyoning turli xalqlari oʻrtasida intellektual va madaniy almashinuvni rivojlantirib, madaniy diplomatiya konsepsiyasini joriy etish, tarqatish va qoʻllash ishlarini amalga oshirmoqda. 

Uchrashuvda Akademiya vakillari doktor Muhammad Kamel al-Muaynini yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng Uyg‘un G‘afurov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Samimiy muloqot davomida Birlashgan Arab Amirligi Xalqaro madaniy diplomatiya instituti direktorlar kengashi raisi, doktor Muhammad Kamel al-Muayni O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Muhammad Kamel al-Muayni hamkorlik masalasiga toʻxtalib, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda konferensiya va seminarlar tashkil etish, maqolalar chop etish, oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish ikki tomon uchun foydali boʻlishini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida Jamoliddin Karimov Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berdi. 

O‘zaro suhbatdan so‘ng Muhammad Kamel al-Muayni “Manbalar xazinasi” bo‘limi bilan tanishdi. Nodir qo‘lyozmalar hamda kitoblar mehmonda katta taassurot qoldirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish