Afg‘onistonning Toshkentdagi Elchixonasi rahbari, muvaqqat ishlar vakili Shahob Mag‘furulloh Akademiyaga tashrif buyurdi
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston qoʻshni davlatlar bilan faol va do‘stona munosabatlar o‘rnatishda barchaga namuna bo‘lmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning jahon minbarlaridan turib, Afg‘onistonda tinchlik va xotirjamlik hukm surishga chaqirishi tarixan dini, qadriyatlari mushtarak bo‘lgan ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yanada rivojlanishiga katta turtki bo‘lmoqda.
Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Afg‘onistonning Toshkentdagi Elchixonasi rahbari, muvaqqat ishlar vakili Shahob Mag‘furulloh bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur jihatlar yana bir bor tilga olindi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov hamda Talabalar (xorijiy) bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Abdullajonov kutib oldi.
Mazkur uchrashuv islomshunoslik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar hamda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari xususida fikr almashish, shuningdek, Akademiyada tehsil olayotgan afg‘on talabalarining o‘qishi va hayot tarzi bilan tanishish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi.
Akademiya rektori yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Shu bilan birga, islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyai boshqa diniy ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida respublikaning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbatlashildi.
Afg‘onistonning Toshkentdagi Elchixonasi rahbari, muvaqqat ishlar vakili Shahob Mag‘furulloh jahon tamadduni rivojida o‘zbekistonlik olimlarning o‘rni yuksak ekanini bildirib o‘tdi. Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 9 nafar afg‘onistonlik talabalar tahsil olmoqda. Shahob Mag‘furulloh ularning o‘qishlariga omad tilab, ularga barcha sharoitlar yaratib bergan Akademiya rahbariyati va jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Akademiya o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
O‘zaro suhbatdan so‘ng Shahob Mag‘furulloh “Manbalar xazinasi” bo‘limi bilan tanishdi. Nodir qo‘lyozmalar hamda kitoblar mehmonda katta taassurot qoldirdi. Tashrif yakunida “Mehmonlar kitobi”ga dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
Shahob Mag‘furulloh yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish