22

Islom dinida sayohat qilishga munosabat va uning bugungi kundagi ahamiyati

Tarix adabiyotlariga nazar tashlansa, tadqiqotchilar turizm paydo bo‘lishini miloddan avvalgi davr bilan bog‘lashadi. Pul ixtiro qilinishi bilan savdo yangi bosqichga ko‘tarilgani sayohat tushunchasi nuqtayi nazaridan yangi davrni ochishga imkon berdi. Pul kabi ayirboshlash vositasining rivojlanishi mavjud savdo harakatlarini sezilarli darajada oshiradigan ixtiro edi. Ushbu davrda sayohat qilishning eng muhim sababi bo‘lgan savdo bilan bog‘liq o‘zgarishlar sayohatga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 

Tarixdan musulmon sayohatchilar turli joylarga sayohatlar uyushtirar, o‘z bilimlari va tajribalarini boshqalar bilan baham ko‘rishar edi. Darhaqiqat, ba’zi musulmon sayohatchilar, arxeologlar singari, ko‘plab qadimiy davlatlar va shaharlarni yevropaliklardan ancha oldin aylanib chiqib, hududlar haqida batafsil bayon etilgan tadqiqotlarni olib borishgan. Ushbu sayohatchilarning ba’zilari sayohatnomalar tayyorladilar, ba’zilari esa xaritalarni chizdilar. 

Islom tarixining birinchi davrlaridan boshlab musulmon shaxslarning sayohatlardagi faol ishtiroki, islom dinida sayohat to‘g‘risida ijobiy fikr borligini ko‘rsatadi. Islom falsafasida Alloh yaratgan narsalarning boyligi va go‘zalligini ko‘rish orqali uning ulug‘vorligini anglash mumkin deb hisoblanadi. Shu bilan birga, sayohat qilish va sayyohlik tadbirlarida qatnashish odamlarga o‘zlarini yaxshi his qilishiga, stressdan xalos bo‘lishiga va shu bilan yaxshiroq xizmat qilishiga (faoliyat yuritishlariga) imkon beradi. 

Islom dinida turizm Allohning roziligi yo‘lida jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jihatdan sog‘lom bo‘lish uchun qilinadigan harakatdir. Shuningdek, diniy manbalarda sayohatni qanday maqsadlarda amalga oshirilishi haqida ko‘plab foydali maslahatlar borligini o‘rganishimiz mumkin. 

Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimning “Ankabut” surasi 20-oyatida shunday marhamat qiladi:

Sen: “Yer yuzida sayr etib yuringlar va maxluqotlarni U zot avval boshdan qanday yaratganiga nazar solinglar. So‘ngra Alloh oxirat hayotini paydo qilur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodir zot”, deb ayt. 

Ushbuoyatda ta’kidlanganidek, sayr qilish inson uchun ko‘p manfaatlar keltiradi. Sayohat qilish davomida inson yer yuzidagi ajoyibotlardan bahramand bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, inson o‘zi yashab turgan manzildan boshqa joyga sayohat qilsa, atrofni ko‘rib ibrat oladi, zehni charxlanadi hamda yangilanadi.

Shu bilan birga, hadislarda ham ziyoratga, qabr ziyoratlariga targ‘ib qiladigan eng mashhur va sahih bo‘lgan hadisi shariflar mavjuddir. Ularda qabr ziyoratining xosiyati haqida shunday deyiladi:

“Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi, ularni ziyorat qilaveringlar! Chunki, u oxiratni eslatadi, sizlarga o‘limni esga soladi. Ey, ziyorat qilaveringlar. Chunki, u qalbni yumshatadi, ko‘zni yoshlantiradi. Chunki, sizlarga unda ibrat bor. U dunyoda parhezkor qilib qo‘yadi” (Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja, Hokim, Tabaroniy rivoyatlari).

Bu kabi hadislar va ulug‘larning aytgan gaplarini ko‘plab misol qilib keltirishimiz mumkin. Imom an-Nasoiy rahimahulloh rivoyat qilishlaricha, qabrlar ziyoratining fazilati sifatida: “Ularning ziyorati sizlarga yaxshilikni ziyoda qiladi”, deyilgan. Haqiqatan, ulug‘lar va mashhur ulamolarning, o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilish insonga oxiratni eslatishi bilan birga, bu dunyodagi qiyinchiliklar va har xil muammolar o‘tkinchi ekanligini ko‘rsatib, qalbni xotirjam va sokin qiladi.

Islom dinida musulmonlarga o‘zlarini takomillashtiradigan har qanday ishlarda qatnashish tavsiya qilinadi. Islom dini musulmonlarni foydali yo‘llar bilan rivojlanib, tinch-totuv yashashga undaydigan din. 

Jahon sayyohlik tashkiloti (JST) tomonidan muntazam ravishda nashr etilayotgan “Turizmning muhim voqealari” nashrining keltirilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra butun dunyo bo‘ylab sayyohlik faoliyatida ishtirok etayotgan odamlarning 27% “ziyorat turizmi, sog‘liqni saqlash turizmi va qarindosh-do‘stlarni ziyorat qilish” ishtiyoqi bilan harakat qilgan. Shunga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 300 millionga yaqin odam “Ziyorat turizmi, sog‘liqni saqlash turizmi va qarindosh-do‘stlarni ziyorat qilish” kabi motivlar bilan sayohat qilishgan. Yuqorida sanalgan uch turistik turtki ham islom dinining buyruqlari va tavsiyalariga to‘g‘ri keladi. 

Islom dinida turizm Allohning roziligini olish hamda jismoniy, ijtimoiy va psixologik jihatdan sog‘lom bo‘lish uchun qilingan harakatdir. Shuningdek, sayohatning afzalliklari to‘g‘risida ko‘plab masalalarga ishora qilinganligini kuzatishimiz mumkin. Masalan, sayohat shaxslarda zo‘riqishni kamaytiradi. Unga turli xil aqliy, jismoniy va ma’naviy muammolarni tinglash va undan xalos bo‘lishga yordam beradi. Shunday qilib, islomda sayohat tushunchasi maqsadga muvofiq harakatdir. Stressdan xalos bo‘lish, jismoniy dam olish, sog‘lom bo‘lish, ta’lim va tarbiya kabi shaxsiy rivojlanish sayohatning asosiy maqsadlari qatorida turadi. Ziyorat turizmida sayyohlar bir tomondan Allohning roziligini olish va o‘zlarining individual dam olish faoliyatini bajarish uchun sayohat qilishadi.

Bugungi kunda tarixiy maskan va obidalar kabi joylarni saqlab avaylash va ularni kelajak avlodga yetkazish juda muhim hisoblanadi. Sababi shundaki, tarixiy joylarni saqlab qolish odamlarga o‘tmish haqida tasavvurni uyg‘otadi. Inson vaqt sinovidan o‘tgan joylarga tashrif buyurganda, zamonaviy binolarga tashrif buyurganidan ko‘ra boshqacha tuyg‘uni his qiladi. Shu onda savol paydo bo‘lishi mumkin. Nima uchun hozirgi kunda ham qadimiy meros joylar jamiyat hayotida muhim ro‘l o‘ynab kelmoqda? 

Tarixiy joylarga sayohat qilish ko‘p jihatdan yaxshi. Avvalo, bu bizning tarix haqidagi bilimlarimizni yanada yaxshilaydi. Qadimiy obidalar bizga ilgari sodir bo‘lgan tarixni tushinishga yordam berib, o‘sha davrda yashagan va turli urf-odatlarga ega bo‘lgan jamiyatga nisbatan hurmatni kuchaytiradi. Tarixiy joylarni ziyorat qilish bu shunchaki sayohat va tashrif emas, balki yangi narsalarni qashf qilish va o‘rganish hamdir. Odamlarda turli hil tarixiy joylarni ziyorat qilishga ta’sir qiluvchi asosiy sabablardan biri sifatida shaxsiy qoniqish, bilimlarini oshirish va ruhiy quvvat ekanligini ta’kidlash lozim. Misol uchun, sayohatchilar o‘zlari o‘qigan va eshitgan tarixiy joylarni yaqindan ko‘rgisi va o‘tmishga qaytib, tarixiy jarayonlarni o‘zlari boshlaridan kechirishni xohlashadi va bu ular uchun yangi bilimlarni egallash kabi imkoniyatlarni yaratadi.

Tarixda yashab o‘tgan ota-bobolarimiz bilimli va turli sohalarda olamshumul kashfiyotlarni amalga oshirgan. Bugungi kunda biz ko‘rib turgan tarixiy yodgorliklar hozirgi kunga o‘hshash texnik uskunalar bo‘lmagan zamonda qurilganligi va shunga qaramay hozirgacha ushbu obidalar o‘zining savlati va hashamatliligi bilan dunyo sayyohlarini lol qoldirib kelayotganligi bolalar va yosh avlod uchun ilhom baxsh etadi. Ta’limga aylanadigan bunday madaniy meroslarga uyushtirilgan sayohatlardan bolalar ko‘p narsalarni o‘rganishlari mumkin.

Madaniy meroslar va tarixiy obidalar jamiyatda quyidagi muhim vazifalarni bajaradi:

– Ijtimoiy kapitalni shakllantirishga yordam beradi;

– mahalliy urf-odatlar va madaniyatni saqlashda muhim rol o‘ynaydi;

– ijobiy xulq-atvorni targ‘ib qiladi;

– jamiyat imidji va g‘ururini yaxshilaydi;

– Jamiyatni obodonlashtirishga yordam beradi.

Ziyorat turizmini rivojlantirishda tarixiy va madaniy meroslarning roli juda katta hisoblanadi. Shu ma’noda ziyorat turizmini madaniy va ma’naviy turizm deb ham atashimiz mumkin. Jumladan, “madaniy turizm” sayyohlar uchun ushbu mamlakat tarixi, an’analari, xo‘jalik faoliyati va madaniyati, urf-odatlari hamda mamlakatning boshqa tarixiy salohiyati bilan tanishish imkoniyatini beradi. Insonlarning ana shunday madaniy joylarga tashrifi ularnig ma’naviy boyishi va dunyoqarashining kengayishiga xizmat qiladi.

Mamlakatning tarixiy va madaniy meros salohiyati ziyorat turizmi rivojlanishining asosiy omillaridan biri ekanligi ahamiyatlidir. Chunki, tarixiy va madaniy meroslar bilan tanishish eng kuchli turistik turtki bo‘lib, ko‘plab turistlar jalb qilishning muhim vositasi hisoblanadi. Undan tashqari, madaniy va tarixiy meros obyektlar foyda keltiradigan va iqtisodiy rivojlanishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan zamonaviy shaharlarning muhim boyligi ekanini unutmaslik lozim.

Jasurbek Abduqodirov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi stajyor o‘qituvchisi

Izoh qoldirish