78

Oʻrgan va ibrat ol

Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak.

Shavkat Mirziyoyev

Tarixdan maʼlumki, buyuk jadid bobolarimiz oʻz zamonasining fidoyisi, boʻlgʻusi ozod jamiyatning faol targʻibotchisi boʻlishlari barobarida, yosh avlod uchun ham ibrat namunasidir. Ana shunday fidokorlar maʼrifat oqsagan vaqtda ilm tomon yoʻllovchi mayoq boʻlib porlagan va oʻz otashi bilan atrofidagi insonlarga yorugʻlik tarqatishga harakat qilishgan. Bu yorugʻlik shubhasiz ilm nuri edi. Ziyo taratish yoʻlida esa jonlarini fido qilishga qodir mard insonlar boʻlishgan.

Turkiston jadidchilik harakati yetakchilarining merosiga nazar tashlar ekanmiz, ularni oʻylantirgan eng katta muammo xalqning ilmsizligi oqibatida jaholat botqogʻiga botib qolgani va bu jaholat vaqt sayin oʻz domiga chuqurroq tortib borayotgani edi. Jonkuyar jadidchi bobomiz Behbudiyning taʼbiri bilan aytganda: “Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol boʻlur”. Yoxud Abdulla Avloniy: “Maorifdan, funun va madaniyatdan mahrum qolgan xalq jaholat panjalarining orasida ezilur”, deb taʼkidlaydi. Garchand bu kabi undovchi, intilishga chorlovchi soʻzlari oʻzi uchun qazilayotgan choh ekanini bilsa-da, millati uchun mardonavor olgʻa intildi.

Shu oʻrinda Behbudiyning “Jaholat dardlaridan” nomli maqolasi eʼtiborga molik. Maqolada xalqning ilmsizligi, tobora jaholat botqogʻi tomon ketayotgani aks etgan. Turkistonliklar oʻz ismlarini mustamlakachilar tomonidan buzib talqin qilinishiga jim qarab turgani, hatto shu qadar insonlarni gʻaflat bosib idoralarda ismlarini toʻgʻri talqinini aytishsa, qabul qilmay, buzilgan holatini maʼqul koʻrish darajasigacha yetib kelganidan afsus chekadi. “Yodgor” ismini “Jodigor”, “Fathulla”ni “Potxulla”, “Abduqodir”ni “Obduqodir”. Oʻz ismini asl holiga qaytarishni xohlamagan xalqni bir paytlar oʻz erki oʻzida boʻlgan xalq holiga qaytarish juda ham mashaqqatli ish boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, yoshlarni savodli, zamonaviy ilmu fandan xabardor qilish orqali ularni mustaqillikka undashgan.

Maʼrifatparvar qahramonimiz xalq farzandlarini ilmli qilish yoʻlida bor imkoniyatlaridan foydalanadi. Ushbu mashaqqat yoʻlida “Behbudiya” nomli kutubxona ochishga muvaffaq boʻladi. Kutubxona uchun maxsus ishchi guruh tashkil etilgan boʻlib, ular ikki smenada faoliyat yuritgan. “Turkiston viloyatining gazeti” 1908-yil noyabr sonida “Samarqand kutubxona islomiyasi” nomli maqolasi bosiladi. Maqolada kutubxona va undagi mavjud asarlar, jurnal, gazetalar haqida batafsil maʼlumot keltirilgan.

Maʼlum boʻlishicha, kutubxona jamgʻarmasida toʻplangan kitob va risolalar oʻsha kezlarda 600 ta, gazeta va jurnallar esa undan ham koʻp boʻlgan. Agar pul koʻpaysa, diniy va dunyoviy kitoblarni yanada koʻproq sotib olish, Istanbul va Qohirada nashr etilayotgan gazeta va jurnallarga obuna boʻlish mumkinligini aytgan. “Turkiston viloyatining gazeti” qariyb har bir sonida kitob sotib olib oʻqish imkoniga ega boʻlmagan kishilarda kutubxonaga qiziqishning tobora ortib borayotgani haqida xabar berib borilgan. Gazetaning 1909-yil 15-yanvar sonida berilgan maʼlumotga qaraganda, 2000 nafarga yaqin kishilar kutubxonadagi adabiyot va matbuot asarlaridan bahramand boʻlganlar. Behbudiy kutubxonaning tashkilotchisigina emas, balki undan oʻrin olgan kitob va risolalarning koʻpgina qismining muallifi ham edi. 

Yangiliklar tarafdori sifatida yangi qoʻllanmalar yaratish bilan cheklanibgina qolmay, ilm yoʻlida teatr ochdi, yangi adabiyotga asos soldi, birinchi oʻzbek teatri uchun sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali oʻzbek teatr tarixi boshlanadi.

Xorij mamlakatlariga qilgan sayohatlari davomida Gʻarb va Sharq mamlakatlari oʻrtasida tafovutni angladi va taraqqiyot yoʻlining eng birinchi yoʻnalishi ilm-fan va texnika zaruriyati ekanini targʻib qilishga kirishdi. Ming afsuski, oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yoʻl bermadi. Maorif, ilm-fanning taraqqiyoti, milliy yuksalish orzusi armon boʻlib qoldi.

Shu oʻrinda jadidlarning yoshlarga murojaatiga eʼtibor qilaylik: “Ey, gʻayratlik yoshlar! Bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, …millat yoʻlida xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan hurmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va gʻurur emas… muhtaram yoshlar! Zamon siznikidir. Balki butun sharingiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz”. 

“Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz”, shiori oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Zulfiya, “Mard oʻgʻlon” “Kelajak bunyodkori” kabi bir qancha davlat mukofotlarini joriy etilganining tub maqsadi ham ezgudir. Turli mukofotlar, stipendiyalar belgilash, taʼlim grantlarini taqdim etish, fan, madaniyat va sanʼat sohasida ijodiy ustaxonalar, maktablarni tashkil etishga koʻmaklashish, sport seksiyalari faoliyatini tashkil etish orqali isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash – bularning barchasi maʼrifat uchundir.

Prezidentimiz Murojaatnomada alohida taʼkidlaganidek: “Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozim. Ularning ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur”.

Darhaqiqat, barcha jadidlar oʻz davrida xalqni asriy qoloqlik va jaholatdan olib chiqa olishning yagona yoʻli sifatida milliy matbuot va taʼlimni yuksaltirishni koʻrishdi. Ular mazkur sohalarning yutuqlariga katta umid bogʻlashgan edi. Afsuski, tez orada yoʻlga chiqqan qatagʻon mashinasi jadidlarning ezgu maqsad, ezgu gʻoyalari amalga oshishiga jiddiy zarba boʻldi. Qisqa umrlari davomida qoldirgan juda qimmatli merosi, yozgan sheʼru ashʼorlari, maqolalarning har biri XXI asr uchun ham muhim global muammolarga asosli yechimdir.

Toʻgʻrisi, bugun hamma yoshlar ham real tariximizni yaxshi bilmasligidan xafa boʻlaman. Oʻzing yashayotgan, ota-bobong unib-oʻsgan yurtni anglash, unga xizmat qilish zaruratini kengroq anglash uchun tarixni, xususan, jadidlar tarixini chuqur oʻrganishimiz, oʻrganibgina qolmasdan, ulardan ibrat olishimiz zarur.

Odina MAHMUDOVA,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik” yoʻnalishi 1-kurs magistranti

Manba: “Oʻzbekiston ovozi” gazetasi 2024-yil 20-mart, 11-12-son

Izoh qoldirish